Ko‘hna va navqiron Qo‘qon shahri ikkinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivaliga mezbonlik qilmoqda.
Muazzam shahar o‘z bag‘riga jahon va yurtimiz hunarmandlarini jamladi. Bugun erta tongdan Qo‘qon ko‘chalari yanada fayzli va tarovatli bo‘ldi. Nufuzli tadbir tantanali yurish bilan boshlandi. Qo‘qonning nurafshon tongida quyosh ham bu hududga o‘zgacha mehr bilan nur sochayotgandek go‘yo. Ertalabdan ko‘chalarga chiqqan xorijiy mehmonlar, hunarmandlar va mahalliy aholi Turkiston ko‘chasi bo‘ylab tantanali yurishni boshladi.
Karnay-surnay sadolari, hilpirayotgan O‘zbekiston bayrog‘i va 70 dan ortiq davlatlarning bayroqlari ishtirokchilarda o‘zgacha kayfiyat, ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda.
Xalqaro hunarmandchilik muzeyining tantanali ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Unda Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Abdurahmonov, Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad Al Kadumiy, Farg‘ona viloyati hokimi X. Bozorov mazkur festival xalqlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Mehmonlar muzeydagi eksponatlar bilan tanishdi. O‘rda maydonidagi pavilonlarda xorijlik va yurtimizning barcha hududlaridan kelgan hunarmandlar mahsulotlari ko‘rgazmasi va savdosini tashkil etgan.
Xalq sayllari, folklor jamoalarning konsert dasturlari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishlamoqda.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA