Tadbirda ekspertlar, O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon vakillari ertaga 24 iyun kuni o‘tkaziladigan vazirlar uchrashuvi reglamenti va turizmni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.
Kun tartibidan Kengashga a’zo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, «Tabarruk ziyorat» loyihasini amalga oshirish, Qo‘qon shahrini «Zamonaviy ipak yo‘li» dasturiga kiritish hamda a’zo davlatlarning yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro aviareyslarni tiklash masalalari o‘rin olgan. Har bir mamlakat muhim uchrashuvga o‘z takliflari bilan kelgan.
Turkiy Kengash uchrashuvlarini Qo‘qon shahrida o‘tkazilishi bejiz emas. Ko‘hna va navqiron shahar Markaziy Osiyoning markazida joylashgan, jahon hunarmandlari shahri maqomiga ega. Bu yerda turizm ham tez rivojlanmoqda. Qo‘qon Farg‘ona vodiysining yirik shaharlaridan biri bo‘lib, u qadimdan ilm-fan, madaniyat hamda hunarmandchilik markazi hisoblangan. XVIII asrdan boshlab Qo‘qon vodiyning siyosiy, iqtisodiy, adabiyot va madaniyat markaziga aylandi. Qo‘qonda yaratilgan adabiy meros o‘zbek xalqining noyob durdonasiga aylangan. Mashrab, Huvaydo, Mahzun, Amiriy, Nodira, Uvaysiy va yana 200 dan ziyod o‘zbek mumtoz adiblari shu muhitning mahsulidir. Hozirgi o‘zbek adabiy tili ham Qo‘qon adabiy muhiti negizida shakllangan. Bu davrdagi ta’lim tizimi ham havas qilsa arzigulik edi. XIX oxiriga kelib birgina Qo‘qonning o‘zida 620 ta mahallada masjid, 240 ta boshlang‘ich maktab, 52 ta madrasa, 23 ta qorixona mavjud edi.
Professor X.N.Bobobekovning «Qo‘qon 2000» nomli kitobida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1878 yilda Qo‘qon shahrining savodxonlik salohiyati 53 foizni ko‘rsatgan va bu ko‘rsatkich o‘z davrida dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblangan. Bundan tashqari, Qo‘qon «shoirlar shahri» deb ham atalgan. XVIII asrning birinchi yarmida Qo‘qon shahridagi har bir mahallada kamida 3 nafardan, jami 720 dan ortiq shoir yashab ijod qilgan va ular o‘z davrida shaharni «nazm markazi»ga aylanishiga hissa qo‘shgan.
O‘zbek milliy hunarmandchilik namunalari va amaliy san’ati ustalari ham aynan Qo‘qon atrofida birlashdi, gurkirab yashnadi va eng muhimi, shu kunlarga qadar saqlanib qoldi. Xususan, yog‘och o‘ymakorlik, kulolchilik, kandakorlik, me’morchilik, ipakchilik, chitgarlik va boshqa o‘nlab hunar turlari Qo‘qon xonligi davrida o‘z taraqqiyot cho‘qqisiga chiqdi. Ularning mahsulotlari dunyoning 10 ga yaqin davlatiga olib chiqib sotilar edi. Shu bois ham Qo‘qon nufuzli tadbirga mezbonlik qilmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA