Prezident tashrifidan so‘ng
Bugungi globallashuv davrida yoshlar tarbiyasi, ta’lim maskanlarida o‘qitish sifati hamda kelajakda kadrlar masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Xo‘sh, ta’limda tizimli ishlarni tashkil etishda qaysi jihatlarga e’tibor qaratish kerak? Qo‘qon shahrida oliy va professional ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini tizimli tashkil etish, muammolar va ularni bartaraf qilish, istiqboldagi rejalar mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlar haqida so‘z yuritdi. O‘qituvchining jamiyatdagi nufuzi oshganligi, ta’lim-tarbiyaga barcha mas’ulligi, endilikda ta’lim sohasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida tarbiyasi og‘ir yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish, adashgan, murakkab vaziyatga tushib qolgan yoshlarga o‘z o‘rnini topishida yordam berish, ularni ma’rifatga chorlash, ma’naviyatini yuksaltirish bo‘yicha tajriba yaratish topshirig‘ini bergan edi. Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarida mazkur topshiriq ijrosi bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi. Albatta, bunda oliy va professional ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbarlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanmoqda.
Mazkur seminardan ko‘zlangan maqsad ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, tarbiyaviy ishlarning natijadorligiga erishish kabilardan iboratdir.
Seminarning ilk kunida “Ma’naviy tarbiyaning metodologik asoslari”, “Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish”, “Talabalarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish usullari” mavzularidagi ma’ruzalar tinglandi, kasb-hunar xonalarini tashkil qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Farg‘ona viloyati hokimligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan seminar 26 iyulgacha davom etadi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri