Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qonda ota o‘z qiziga buyragini berdi
17:31 / 2023-02-13

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgik markazi direktori Saidmurod Ismoilov boshchiligidagi jarrohlar tomonidan ilk bor qarindoshlik buyrak transplantatsiyasi o‘tkazildi.

Avvallari faqatgina xorijda yoki poytaxtda o‘tkaziladigan buyrak transplantatsiyasi amaliyoti 2022 yilda viloyatlar markazlarida bajarilgan bo‘lsa, endilikda shahar va tumanlarda ham amalga oshirila boshlandi. Bunga hududlardagi tibbiyot muassasalarida o‘ziga xos taraddud ko‘rildi. Xususan, Qo‘qon shahrida ham.

Qo‘qonlik 17 yoshli Niginabonu Mamatqulovada 2022 yilda surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligi aniqlanib, buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarilishi zarurligi ma’lum bo‘ldi. O‘spirin qiziga o‘z buyragini berishga tayyor otasi Umidjon Mamatqulov bunday operatsiyalar xorijda o‘tkazilsa kerak, degan o‘yga borib, avvaliga biroz ikkilangan. Poytaxtda tibbiy tekshiruvdan o‘tgan ota va qiz jarrohlik amaliyoti ular yashaydigan shaharda o‘tkazilishini eshitib g‘oyat mamnun bo‘ldi.

[gallery-10556]

2022 yilda Farg‘ona viloyat ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarida poytaxtlik jarrohlar bilan hamkorlikda 4 ta buyrak transplantatsiyasi o‘tkazilgan bo‘lsa, 2023 yildan boshlab bunday murakkab jarrohlik amaliyotlari shahar va tumanlarda o‘tkazilishi belgilandi. Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qo‘qon shahar filialida 48 yoshli otaning buyragi 17 yoshli qiziga ko‘chirib o‘tkazilishi ushbu amaliyotlarning dastlabkisi bo‘ldi.

– Bemor hamda donor tahlillari har jihatdan mos ekanligi, qarindoshlik buyrak transplantatsiyasi uchun ayni muddao bo‘ldi, - deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Fazliddin Bahriddinov. – Poytaxtlik jarrohlar yuqori texnologik murakkab jarrohlik amaliyotini qo‘qonlik hamkasblari bilan birgalikda olib bordi.

Zamonaviy tibbiy uskunalarga sarflangan katta mablag‘, sohadagi ilmiy salohiyat ortishiga berilgan turtki natijasida bugun bemor bo‘lgan yurtdoshlarimizning uzoq masofa bosmay, sarson bo‘lmay o‘zi yashaydigan hududlarda sog‘ayishiga erishilyapti. Bu esa yurtimizda insonga, ayniqsa, uning salomatligiga e’tiborning yuksakligidan dalolatdir.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA