French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qonda nega shamol ko‘p esadi?
12:33 / 2022-01-23

Vodiyliklar orasida “Qo‘qon shamolidan ehtiyot bo‘l!” degan ibora yuradi.

Bu bejiz emas. Boisi yilning to‘rt faslida ham Qo‘qon shahriga yaqin qishloqlarda gohida yengil, gohi kuchli shamol esib turadi. Keksalar ko‘pincha shamol esishini turli ertak, hikoyalar bilan bog‘lashadi. Yozuvchiyu shoirlarning asarlarida ham bu haqda albatta biror fikr yoki she’riy misra bitiladi.

Aslida Qo‘qonda shamol ko‘p esishining sababi nimada?

Ushbu savolga javob olish maqsadida “O‘zgidromet” yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatovni suhbatga tortdik.

Nima uchun vodiyning Qo‘qon zonasi atrofida shamol ko‘p esadi?

– Xalq orasida “Farg‘ona vodiysi tog‘lar bilan o‘ralgan”, degan gaplar yuradi. Ammo geografik joylashuv tomondan qaraganda bunday emas. Farg‘ona vodiysi markazidan Sirdaryo oqib o‘tadi. Tabiiyki bu azim daryo vodiyning qaysidir tomonidan chiqib ketishi uchun yo‘l bo‘lishi kerak. O‘sha yo‘l vodiyning janubi-g‘arbiy qismidir. Bu qism vodiyning yagona tog‘lar bilan o‘ralmagan hududi hisoblanadi. Bu qism qo‘shni Tojikistonning So‘g‘d viloyati Xo‘jand tor tog‘ darasi orqali Toshkent viloyati janubi va Sirdaryo viloyatlarini o‘zaro birlashtiruvchi tekislikni hosil qilgan. 

Xo‘jand tor tog‘ darasi vodiy viloyatlariga g‘arbdan kirib keluvchi nam havo massalari va shu bilan bir qatorda kuchli shamollar esishi uchun ochiqdir. Bu tor tog‘ darasidan vodiy viloyatlariga kiraverishdagi birinchi yirik shahar Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri hisoblanadi. Tabiiyki, Qo‘qon vodiy viloyatlari ichida birinchilardan bo‘lib, kuchli shamolni “qarshi oladi”. Shuning uchun xalq va ilmiy tillarda ham Qo‘qon shamoli deb yuritila boshlangan.

Eng uzoq shamol esishi necha soatgacha davom etadi? 

– Odatda vodiy markaziga kiraverishda shamol kuchi kamayib boraveradi. Qo‘qon shamollari asosan sovuq havo oqimlarining shimol, shimoli-g‘arb va g‘arbdan kirib kelishidagi sovuq old frontlari paytida kuzatiladi. Bu shamollar Xo‘jand tor tog‘ darasi orqali kirib kelgani uchun uning yo‘nalishi g‘arbiy yoki janubiy g‘arbiy yo‘nalishda bo‘ladi. Shamolning davomiyligi 2-6 soatdan oshmaydi, ayrim hollardagina yaxshi ifodalangan ketma-ket frontlar kirib kelishida shamollar davomiyligi 10-12 soatga yetadi.

Shamol qanday xolatlarda bo‘ronga aylanadi?

– Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonda ham shamol kuchi Bofort shkalasi o‘lchovlari bilan tavsiflanadi. Bofort shkalasi 13 ta darajaga ega shamol kuchlarini o‘zida aks ettirgan. Undan shamol tezligi tinch holatdagi kuchdan tortib, dovul darajasidagi shamollargacha to‘liq shamol kuchlari taqsimlab chiqilgan. Masalan, shamol tezligi 17 m/s dan kuchaysa, “kuchli” shamol deyilib, bunda daraxt shoxlari sina boshlaydi, shamolga qarshi turish qiyinlashadi. Shamol tezligi 24.5 m/s dan kuchaysa, bu kabi shamol “bo‘ron” deb nom oladi.

Bunda, nomustahkam inshootlarda shikastlanish hodisalari uchraydi, tom yopilmalari ucha boshlaydi, daraxt shoxlari yerga tekkudek bo‘lib, egilib tebranadi. 

Yana bir savol. Dovul boshlanishiga ham shamol tezligi sabab bo‘ladimi?

– Shamol tezligi 32.5 m/sdan yuqori kuzatilsa, “dovul” deb ataladi. Dovulda katta vayronagarchiliklar uchraydi. Bino inshootlarga jiddiy zarar yetadi, mavjud infrastruktura zararlanadi. Daraxtlar ildizi bilan qo‘parilib tushadi. Bu kabi shamol hodisalari tabiatda kam uchraydi. 2020 yil 29 aprel Buxoro viloyati Olot va Qorako‘l tumanlarida kuzatilgan shamolni dovullar qatoriga kiritsak bo‘ladi. Muqaddam Qo‘qon shahrida maksimal shamol tezligi 40 m/s gacha yetgan. Bu shamol aprel oyida kuzatilgan. O‘zbekistonda eng yuqori shamol tezligi Navoiy viloyati Tomdi tumanida qayd etilgan bo‘lib, Tomdida shamol tezligi kuchayganda 48 m/sgacha esgan.

Shamol tezligi ko‘prok kaysi fasl yoki oyda kuchayadi?

– Kuchli shamollar asosan yilning bahor va kuz oylarida ko‘proq kuzatiladi. Ammo oxirgi paytlar iqlim o‘zgarishi, iqlimning isib ketish fonida atmosferada havo oqimlarining beqarorligi ortgani kabi kuchli shamollar ham mavsumlarga xos bo‘lmagan davrlarda tez-tez kuzatiladigan bo‘lib bormoqda.

Shamol ko‘p esishi sababli Qo‘qonda quruq xavo oqimi kuzatiladi. Bu dehqonchilikka ta’sir ko‘rsatadimi?

– Yoz oylarida yuqori haroratli quruq havo kuzatilgan davrda shamollar esishida havoda “garmsel” hodisasi kuzatiladi. Bu havo qurg‘oqchiligining xavfli darajasi bo‘lib, bunda yashillilik olamiga ta’sir kuchli seziladi. O‘simlik dunyosida barglarda qovjirab qurib qolish yoki daraxt tanasidan suvning kuchli bug‘lanishi hisobiga, daraxtlarda qurib qolish hodisalari kuzatilishi mumkin. Masalan, davomli garmsel qishloq xo‘jaligi asosiy mahsuloti g‘o‘za barglari, ko‘saklari va gullarida qovjirab to‘kilish hodisalari kuzatiladi. Bu paxta hosiliga jiddiy xavf tug‘diradi.

O‘zA muxbiri 

Nigora Rahmonova 

suhbatlashdi