Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qonda “Maqom kechalari” o‘tkazildi
12:32 / 2021-06-15

Farg‘ona viloyatida "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik" shiori ostida o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat festivali” dillarga o‘ziga xos surur va shukuh bag‘ishlamoqda. Poytaxtimizdan tashrif buyurgan ijodkorlar, san’atkor va ziyolilar chekka hududlarda aholi bilan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar o‘tkazmoqda.

Mazkur festival doirasida Qo‘qon shahrida tashkil etilgan "Maqom kechalari" konsert dasturi madaniyat va san’atimizga ehtirom tadbiri sifatida minglab ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.  

Maqom musiqa ijodiyotining boshqa turlaridan badiiy mukammalligi, kuy hamda shakl tuzilishlari, lad va usul tizimlari hamda ilmiy va amaliy asoslari puxta ishlangani bilan farq qiladi. Maqom musiqa, she’riyat hamda raqs san’atlarini mujassamlashtiruvchi mushtarak badiiy durdonadir.  O‘zbek milliy maqom san’atini keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz san’atimizga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kamol toptirish muhim vazifalardan sanaladi. Prezidentimizning tashabbusi bilan har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati festivali o‘tkazilmoqda.

Furqat bog‘ida tashkil etilgan tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov,  Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov barchani maqom kechasi bilan tabrikladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali o‘qituvchi hamda talabalaridan tashkil topgan "Yangi O‘zbekistonning yoshlar ansambli" tomonidan ijro etildi.

Maqom san’atining tajribali hamda yosh namoyondalari jonli ijroda kuylagan mumtoz kuylarning yorqin namunalari kishilar ruhiyatiga ko‘tarinkilik baxsh etdi, ularning qalbida ezgulik, yurtparvarlik, mehr-oqibat kabi go‘zal tuyg‘ularni uyg‘otdi. Konsert dasturida O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Salohiddin Azizboyevlar ijro etgan mumtoz qo‘shiqlar  dillarga xushnudlik ulashdi.

M.Sulaymonov, O‘zA