Qo‘qon mamlakatning har sohadagi yetakchi shaharlaridan biriga aylandi. Endi odamlarni hayratga solish qiyin bo‘lib qoldi. Masalan, Qo‘qonda ekrani 32 dan 55 dyumgacha bo‘lgan yuqori sifatli aqlli televizorlar ishlab chiqarilyapti, desak, ha nima ekan bu, IT parkidagi yoshlar tuzgan dasturlar Amerikaga eksport qilinyaptiku, deyishadi.
Ha, shunday zamonlarga keldik. Osiyo tarixida davlatchiligi, allomalari bilan mashxur bo‘lgan Qo‘qon bugun yana yuksalishda.
“My seven technology” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2024 yilda tashkil topdi. Hozir bu yerda turli ko‘rinishdagi android tizimiga asoslangan smart televizorlar ishlab chiqarilmoqda. Qisqa muddat o‘tgan bo‘lsada korxona shahar sanoatida o‘z o‘rnini topdi.

– Bir yilda 90 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqardik, shu bilan birga 12,5 mlrd.so‘mlik qo‘shimcha qiymat yaratishga erishdik, – deydi “My seven technology” MCHJ ish boshqaruvchisi Jo‘rabek Botirov. – Respublika bo‘yicha 14 shaharda servis markazimiz ochilgan. Biz mahsulot sifatiga uch yillik kafolat beramiz. Xaridorlarimiz mamnun.
Korxona ish boshlabdiki, birinchi kundanoq televizor qismlarini mahalliylashtirishga e’tibor qaratdi. Hozir u 55 foizga yetgan. Televizorlarning plastmassa qismlari termoplast liniyasida, shu yerning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, kooperatsiya usuli ham yo‘lga qo‘yilgan. Ayrim boshqa qism va idish-qutilar qo‘shni ishlab chiqaruvchidan olinadi.

Yig‘uv konveri ishchilari malakli mutaxassisga aylandi.
– Men bu yerda korxona ochilganidan buyon ishlayman. Televizorlarning platasini yig‘ish bilan shug‘ullanaman, – deydi Muborakxon Mirzakarimova. – Bu eng nozik joyi. Uni bajargach keyingi bosqichga o‘tkazaman.

Muborakxon bu yerda ishlayotgan boshqa qiz-ayollar kabi korxona atrofidagi mahallalarda yashaydi. Mana endi ular ham jamiyatning faol a’zosi sifatida o‘rnilarini topishdi.

– 8 soatli tartibda ishlaymiz. Ovqatlarimiz bepul. Ish haqi vaqtida beriladi. Yaxshi ishlaganlarga bonuslar bor. Men bu yerda ishlayotganimdan juda mamnunman, – deydi u.
“My seven technology” mahsulotlari bir yildayoq xalqaro bozordan joy topa oldi.

– Moskva shahriga bordik. U yerda hamkorlar axtardik, – deydi Jo‘rabek Botirov. – Keyingi oydan Rossiyaga eksportni boshlaymiz. Bundan tashqari, Respublika savdo-sanoat palatasi Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida tashkil etgan savdo markaziga o‘zimizning televizorlarni eksport qilyapmiz.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/oP86z9voYtY?si=UP2Wk7tCZBWFSqn5" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video,surat), O‘zA