Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qonda gaz ta’minotidan 56 milliard so‘mdan oshiq debitor qarzdorlik bor
17:04 / 2023-11-20

Energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, shuning barobarida kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish barcha istemolchilarning muhim vazifasidir.

Afsuski, Farg‘ona viloyatining ayrim hududlarida elektr-energiya, tabiiy gaz, ichimlik suvidan qarzdorlik bartaraf etilmayapti. Qo‘qon shahrida energiya resurslari to‘lovlari va soliqlar bo‘yicha aholining hamda tadbirkorlik sub’ektlarining debitor qarzdorligi yuqori bo‘lib, xususan, elektr energiyasi bo‘yicha 24 milliard so‘mdan ziyod, gaz ta’minoti bo‘yicha 56 milliard so‘mdan oshiq debitor qarzdorlik mavjud.  

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur shaharda bo‘lib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda energiya resurslari to‘lovlari va soliqlar bo‘yicha debitor qarzdorlikni kamaytirish borasidagi ishlar yuzasidan o‘rganish olib bordi. O‘rganishlar jarayonida bu borada tizimli ish tashkil etishga kirishilgani, biroq belgilangan chora-tadbirlar yetarli emasligi ko‘zga tashlandi.  

Shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan iste’molchilarga nisbatan tarmoqdan uzish, sudga da’vo arizasi kiritish kabi choralar ko‘rish boshlangani, biroq bu jarayon yirik qarzdorlarning barchasini hali to‘la qamrab ulgurmaganiga tanqidiy e’tibor qaratildi. Energiya resurslari ta’minoti hisob-kitob tizimida mavjud muammolar ham tanqidiy tahlil qilindi.  

“To‘xlimergan” hamda “Ziyolilar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida yashovchi aholi xonadonlari, shuningdek, shahardagi qator tadbirkorlik sub’ektlarida to‘lov imkoniyati bo‘la turib, 5-10 million so‘m va undan ortiq qarzdorligi mavjud iste’molchilar bor. Ularga nisbatan tarmoqdan uzish choralari belgilandi. Ba’zi xonadonlarda, xususan, “To‘xlimergan” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Mansur To‘xtayev xonadonida qarzdorlikni so‘ndirish uchun xonadonda yashovchilarda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishga intilish mavjud emasligiga guvoh bo‘lindi. Viloyat hokimi hudud uchun mas’ul sektor rahbari – shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘iga xonadonda yashovchi erkaklarga doimiy ish topib berish, 7 sotixli xonadonda issiqxona barpo etishga ko‘maklashish kabi vazifalar yukladi.  

“Hududgaz Farg‘ona” Qo‘qon shahar gaz bo‘limida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish chog‘ida ba’zi qarzdor xonadonlar tarmoqdan uzib qo‘yilishiga hamda bu borada tegishli dalolatnomalar tuzilganiga qaramay, o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa qayta ulanib olish holatlari mavjudligi ham ma’lum bo‘ldi. Shahar prokuraturasi va ichki ishlar organlariga “O‘zenergoinspeksiya” hamda ta’minot idoralari bilan hamkorlikda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatma berildi.  

Qo‘qon shahrida energiya resurslari bo‘yicha debitor qarzdorlikni keskin kamaytirish, shartnoma majburiyatlarini bajarmayotgan iste’molchilarga nisbatan ta’sirchan choralar qo‘llash, to‘lovlar muntazam ravishda amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha shahar sektorlari rahbarlariga hamda sohalar mutasaddilariga qat’iy vazifalar yuklatildi.  

Shahar soliq inspeksiyasi mas’ullari bilan muloqot qilgan viloyat hokimi, byudjetning muhim qismi bo‘lgan soliqlarning o‘z vaqtida undirilishini ta’minlash aholi hayotini yaxshilash borasida belgilangan ishlarni, ijtimoiy loyihalarning bajarilishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.  

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri