O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi «Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi hamda 2021 yil 23 avgustdagi «Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish to‘g‘risida» qarorlari asosida 2025 yilning sentyabr oyida Qo‘qon shahrida Uchinchi xalqaro hunarmandchilik festivali va unga uyg‘un holda Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning Qo‘qon shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu shahar qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Usta-shogird an’analari, hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Qo‘qon shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik, chilangarlik, zargarlik kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.
Shu munosabat bilan biz O‘zbekiston hunarmandlar uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedovga murojaat qilib, mazkur xalqaro festivalga tayyorgarlik ishlari qanday borayotgani haqida gapirib berishni iltimos qildik.
– Xalqaro hunarmandchilik festivalida 50 ta xorijiy davlatdan 150 nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Shu bilan birgalikda mamlakatimizdan 700 nafar hunarmand ishtirok etaishi ko‘zda tutilmoqda.
Birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining o‘tkazilishi natijalariga ko‘ra, Qo‘qon shahriga sayyohlar oqimi 10 barobarga, hunarmandlar soni 3,5 barobarga, mehmonxonalar 2,5 barobarga oshdi.
Jahon hunarmandchilik kengashining 2019 yilning 23 iyulidagi qaroriga ko‘ra, Qo‘qon shahriga yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha Hunarmandchilik shahri maqomi berilgan.
Shuningdek, O‘zbekistondagi yana ikki– Buxoro hamda Marg‘ilon shaharlariga ham Hunarmandchilik shahri maqomi berilgan.
Xalkaro tashkilotning bunday e’tirofi yurtimizda hunarmandchilik qadimdan boy an’analar asosida rivojlanib kelayotganligini ko‘rsatadi.
–Qo‘qonda o‘tadigan xalqaro hunarmandlar festivalida yurtimiz ustalari, yosh hunarmandlar ham ishtirok etadilarmi?
– Uchinchi “Xalqaro hunarmandchilik festivali”ga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida
“Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov tashkil etildi. Birinchi bosqich tumanlar (shaharlar) bo‘yicha 2025 yilning mart oyida tashkil etiladi va unda ikki ming nafarga yaqin hunarmand ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha 2025 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tadi va unda ming nafarga yaqin hunarmand ishtirok etishi rejalashtirilgan.
– Festivalda yana qanday tadbirlar rejalashtirilgan?
– Festival doirasida bir qator tadbirlar, festival ishtirokchilarining tantanali yurishlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, ilmiy konferensiya, festivalni o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanlari, xalqaro va o‘zbekistonlik hunarmand-dizaynerlar ishtirokidagi modalar namoyishi, xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik va dorbozlar tomoshalari, viloyatlar folklor jamoalari va madaniyat boshqarmalari konsert dasturlari, osh tanlovlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahorat darslari, va Qo‘qon shahrining madaniy-ko‘ngilochar joylari va turistik marshrutlari bo‘ylab sayohat o‘tkaziladi.
– G‘oliblar qaysi nominatsiyalarda aniqlanadi?
– Xalqaro hay’at ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining mahsulotlari ko‘rgazmasi va mahorat darslarini 5 ta nominatsiya – «Eng yaxshi hunarmand» , «Eng yosh hunarmand», «Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi», «Qadimiy sulola davomchisi» va «Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand» kabi nominatsiyalar bo‘yicha baholaydi hamda g‘oliblar maxsus diplom va pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Xalqaro hunarmandchilik festivali ko‘rik-tanlov g‘oliblari va sovrindorlari ishtirokida Xudoyorxon O‘rdasi maydonida tantanali taqdirlash marosimi va gala-konsert bo‘lib o‘tadi.
– Ma’lumki, avvalgi festival ishtirokchilari Rishton va Marg‘ilon hunarmandlari bilan ham uchrashganlar. Bu gal esa Rishtonda xalqaro kulolchilik forumi bo‘lar ekan.
– Uchinchi xalqaro hunarmandchilik festivali va unga uyg‘un holda Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi bo‘lib o‘tadi.
Farg‘ona viloyatining Rishton tumani qadimdan Markaziy Osiyodagi sirlangan sopol buyumlar markazi hisoblanadi. Rishtonlik kulollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar o‘zining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Tarixdan ma’lumki, o‘rta asrlarda karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan Rishton tez sur’atlarda rivojlanib, Buyuk ipak yo‘lidagi asosiy to‘xtash joyi hamda savdo-sotiqning asosiy markaziga aylangan.
Keyinchalik bu yerda jome masjidi qurilgan. Kulollar chinni ishlab chiqarish usulini Qashg‘ar va Eron davlatlaridan olib kelgan. Rishton buyumlari, miniatyuralari jahondagi san’at shaydolari orasida ham katta shuhrat qozongan. Hech bir hududning kulolchilik namunalariga o‘xshamaydigan bu san’at asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Iroq, Eron, Misr kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish qilinishi va jahon ommasi e’tirofiga sazovor bo‘lishi Rishton kulollarining iste’dodidan dalolat beradi.
Kulolchilik forumida 20 ta davlatdan 40 nafar ishtirokchi ishtirok etishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mamlakatimizning 14 ta hududidan 100 nafar kulol qatnashadi.
Forum doirasida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman, forum qatnashchilarining eng sara asarlar ko‘rgazmasi va mahalliy va xorijiy kulollar mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, “Koshinpazlik – yutuq va muammolar hamda kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqilish va eksporti sohasidagi muvaffaqiyatlar va to‘siqlar” mavzusida davra suhbati o‘tkaziladi shuningdek, «Eng yaxshi kulol»; «Eng yaxshi kulolchilik maktabi ustasi»; «Kulolchilik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi»; «Qadimiy an’analarni qayta tiklagan kulol»; «Eng yosh mahoratli kulol» ; «Eng mohir ayol kulol» kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar maxsus diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
– Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat.
O‘zA muxbiri Muhammadjon Obidov
suhbatlashdi.