Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi Buyuk allomalar muzeyida Akademik Rahima Aminovaning 100 yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy-ta’limiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbek tarixchilari maktabi: XX asr O‘rta Osiyo agrar va ayollar masalasi tarixi. Akademik Rahima Aminovaning 100 yilligiga” mavzusidagi konferensiyada mamlakatimiz va xorijiy davlatlardan kelgan olimlar, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
[gallery-26331]
Ilmiy anjumanning tantanali ochilish marosimida Qo‘qon shahar hokimi M. Usmonov mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimiz merosini o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilayotgan e’tibor, Rahima Aminovaning mamlakatimizda tarix fani va keng miqyosda ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zolari, mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchi olimlarning ma’ruzalari, Rahima Aminova hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etilib, iste’dodli ajdodimiz ilmiy tadqiqotlari bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama etildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA