Bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda pirotexnika vositalarining chetdan noqonuniy olib kirilishi, saqlanishi va aylanishiga tizimli ravishda qarshi kurash olib borilmoqda.
Jumladan, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat DXX va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasini oldini olishga qaratilgan navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbir davomida mazkur shahar hududida harakatlanayotgan fuqaro boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina tezkor kuzatuvga olinib, shahardagi yashash xonadonlarining birini oldiga yaqinlashgan vaqtida belgilangan tartibda to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida avtomashina salonida xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 16 dona qutilarda jami 900 donaga yaqin mushak pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
[gallery-24572]
Shundan so‘ng, haydovchining ko‘rsatmasiga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, avtomashina to‘xtatilgan xonadon ham belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, yashash xonadoniga tutash bo‘lgan qo‘shimcha yer maydoni hovlisida tegishli xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, 50 dona qutilarda jami 2800 dona mushak pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
O‘tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbir davomida dastlabki qiymati 1 milliard 35 million so‘mlik jami 66 ta qutilarda 3700 donaga yaqin “7 SHOTS” nomli mushak pirotexnika vositalari holati bo‘yicha tegishli tartibda protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA