FOTOREPORTAJ
Ayni kunlarda Qo‘qon shahrida joriy yilning 19-21 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan uchinchi xalqaro hunarmandlar festivaliga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Nufuzli anjumanda Butunjahon hunarmandlar Kengashi prezidenti boshchiligidagi delegatsiya, dunyoning turli davlatlaridan hunarmandlar, olimlar, OAV vakillari va boshqa nufuzli mehmonlar ishtirok etishi kutilyapti. Shuningdek, festivalda mamlakatimizning barcha hududlaridan mashhur hunarmandlar taklif etilgan bo‘lib, har bir viloyat uchun alohida pavilonlar ajratilgan.
O‘z navbatida rang-barang tadbirlar doirasida shahar ko‘chalari bo‘ylab festival qatnashchilarining tantanali yurishi, mahalliy va xorijiy hunarmandlar mahsulotlari ko‘rgazmasi, mahorat darslari, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, kitoblar taqdimoti, xalq sayillari, konsert dasturlari tashkil etilishi ham ko‘zda tutilgan.
Shu kunlarda festivalning asosiy bayram tadbirlari o‘tkaziladigan O‘rda maydonida Hunarmandlar paviloni barpo etish ishlari yakuniga yetib qoldi. Bu yumushni 2019 yili Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan ilk xalqaro hunarmandchilik festivalining bosh sovrini sohibi, O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusov shogirdlari bilan birga bajaryapti. Bu yerda Farg‘onaning ramziy darvozasi, naqshinkor ustunlar, savdo rastalari o‘rnatiladi.
[gallery-25286]
Shaharning Sarbozlar ko‘chasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha viloyatlaridan keluvchi hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini namoyish etish uchun maxsus rastalar bunyod etilmoqda. Mahalliy hunarmandlar rastasi 15 sentyabrdan o‘z faoliyatini boshlab, viloyat aholisi va mehmonlarga xizmat ko‘rsatishga kirishadi.
Ayni paytda yurtimizning boshqa hududlaridan keladigan mahalliy hunarmandlar uchun ajratib beriladigan rastalarda so‘nggi jihozlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Festival kunlari mazkur hududda ishtirokchilarga barcha qulayliklar yaratilib beriladi.
Shu ma’noda aytganda, bugun Jahon hunarmandlari shahri maqomiga ega Qo‘qon shahri har jihatdan o‘z ko‘rki va tarovati, latofatini namoyon etib, barchani xalqaro festivalga chorlamoqda.
O‘zA fotomuxbiri
Muqimjon QODIROV olgan suratlar.