Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qon xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda
17:28 / 2022-06-08

Qo‘qon shahrida “Qo‘qon xonligining Turkiy xalqlar davlatchiligi shakllanishi va madaniy merosida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Turkiy davlatlar tashkiloti, Xalqaro turk madaniyat tashkiloti (Turksoy), O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda yurtimizning barcha hududlaridan professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar, xorijiy davlatlardan, xususan, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlardan kelgan tarixchi olimlar ishtirok etmoqda. 

Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi va anjuman ishiga omad tiladi. 

– O‘zbek, qirg‘iz, uyg‘ur, qozoq, qoraqalpoq va boshqa ko‘plab turkiy xalqlarga makon bo‘lgan Qo‘qon xonligi, bag‘rikenglik hududi bo‘lish bilan birga, o‘z davrining madaniyat, san’at va adabiyotning ham ahamiyatli markazlaridan biri bo‘lgan, – deydi konferensiyada so‘z olgan TURKSOY Bosh kotibi Sultanbay Rayev. – Turli millat va elatlar totuvlik, tinchlik va osoyishtalikda hayot kechirgan Qo‘qon davlatining boshqaruv tizimi yoki boshqacha aytganda “Qo‘qon modeli” bugungi kunda alohida tadqiq etilishi lozim ekanligiga ishonaman.

10 iyunga qadar davom etadigan konferensiyada Qo‘qon xonligining tarixi, davlatchiligi va geosiyosiy ahamiyatiga bag‘ishlangan alohida sessiyalar, shuningdek, “Turkiy dunyoning qalbi – Farg‘ona vodiysi: o‘tmish, bugun va kelajak” mavzusidagi maxsus sessiya bo‘lib o‘tadi.

– Xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan ilmiy-amaliy tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad 1709 yildan 1876 yilgacha va undan keyingi davrda Markaziy Osiyoda Turkiy davlatchilikning rivojlanishida Qo‘qon xonligining rolini o‘rganish, bu davrdagi tarixiy voqealar bilan tanishish, shuningdek, xonlikning mintaqadagi xalqaro jarayonlarga ta’sirini aniqlash, madaniy va me’moriy merosini targ‘ib qilish hamda dunyoga tarannum etishdir, – deydi Qo‘qon universiteti rektori Sherzodjon Mustafoqulov. – Qolaversa, konferensiyada O‘zbekistonning qadimiy Farg‘ona vodiysi va Xo‘qandi latifning boy madaniy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tarixini tahlil qilgan holda, yosh olimlar hamda tadqiqotchilarni yanada yuksak maqsadlarga undash, tarixni kelajak avlodga haqqoniy yetkazib berishga oid muhim taklif va mulohazalar ishlab chiqiladi. 

[gallery-7495]

M. Sulaymonov, O‘zA