2023 yil 21-23 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida II xalqaro hunarmandchilik festivali va Rishton tumanida xalqaro kulolchilik forumi o‘tkaziladi.
Mazkur nufuzli anjuman xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, nomoddiy madaniy merosimiz bo‘lgan ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini keng namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish orqali turli xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga egadir. Farg‘ona viloyatida festivalga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan islohotlar izchillik bilan olib borilmoqda. O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida xalq amaliy san’ati va hunarmandchilikning eng qadimiy turlari, an’analari, o‘ziga xos uslublari hamda maktablari saqlanib qolgan mamlakat sifatida alohida o‘ringa ega. Olib borilayotgan islohotlar hunarmandlik sohasida rivojlanish, taraqqiyot yo‘lidan borish imkoniyatini yaratib berdi. Hunarmandlarimiz qo‘l mehnati bilan yaratayotgan mahsulotlar allaqachon jahon bozorida o‘z o‘rnini topgan. Farg‘ona viloyatida ham mazkur soha jadal rivojlanib, hunarmandlar safi tobora kengaymoqda.
– Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari, Rishton tumani hunarmandchilik borasida o‘ziga xos maktab yaratgan, – deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Mirzaahmedov. – Yurtimizda sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor hunarmandlarimizni ruhlantirib, yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashga, betakror san’at asarlari yaratishga undamoqda Hunarmandchilik sub’ektlari, jumladan, "Hunarmand” uyushmasi a’zolariga bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi. Bugungi kunda viloyatimizda 4 ming 500 nafar hunarmand ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular samarali faoliyat olib bormoqda. Shahar va tumanlarda zamonaviy talablar asosida 21 ta Hunarmandlar markazi qurildi.
Ilk bor o‘tkazilgan xalqaro hunarmandchilik festivalida Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qo‘qon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” degan maqom berildi. Ya’ni Qo‘qon shahri dunyo hunarmandchilik xaritasida ham munosib va mustahkam o‘rin egalladi.
Ikki ming yillik shonli tarixga, so‘lim tabiatga ega, qancha-qancha buyuk voqealarga guvoh bo‘lgan Qo‘qon shahri hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Ustoz-shogird an’analari, hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Qo‘qon shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, yog‘och o‘ymakorligi, chilangarlik, zargarlik kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.
Aytish lozimki, 2019 yilda birinchi bor o‘tkazilgan “Xalqaro hunarmandchilik festivali”da 78 ta mamlakatdan 570 nafar ishtirokchi, yurtimizning 14 ta hududidan esa 1000 dan ortiq mahalliy hunarmandlarimiz ishtirok etib, tadbirga bir milliondan ortiq tashrif buyuruvchi va xorijiy sayyohlar kelgan. Ushbu nufuzli tadbirning o‘tkazilishi natijalariga ko‘ra, Qo‘qon shahriga sayyohlar oqimi 10 barobarga, hunarmandlar soni 3,5 barobarga, mehmonxonalar 2,5 barobarga oshdi. Ayni kunlarda II xalqaro hunarmandchilik festivali va unga uyg‘un holda Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi o‘tkazilishi uchun festival tashkiliy qo‘mitasi tomonidan yuqori darajada tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Festival veb-sayti uch (o‘zbek, rus, ingliz) tilda (http://handicrafters.uz) yaratildi. Veb-saytda festival, milliy hunarmandchilik, hunarmandlar, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan hunarmandchilik mahsulotlari haqidagi ma’lumotlar joylashtirildi.
Xalqaro hunarmandchilik festivaliga 5 ta qit’adan 220 dan ortiq, Kulolchilik forumiga 50 dan ortiq hunarmand, bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari, konferensiya ishtirokchilari hamda nufuzli tashkilot vakillaridan iborat faxriy mehmonlar, xalqaro hunarmandchilik tashkiloti mutaxassislari, Butunjahon hunarmandlar kengashi rahbarlari, Santa-Fe (AQSH) “Xalqaro xalq amaliy san’ati bozori” festivali, yirik ko‘rgazma tashkilotlari vakillari taklif etildi.
[gallery-13484]
Shu bilan birgalikda mamlakatimizdan ming nafardan ziyod hunarmand ishtirok etadi. Festival doirasida xorijlik va mahalliy soha vakillari ishtirokida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkaziladi. Festival tadbirlarini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari keng yoritib boradi.
Festival doirasida bir qator tadbirlar, mohir kulollar shahri Rishton hamda Furqat tumani bo‘ylab sayohat o‘tkaziladi.
Bugungi kunda Qo‘qon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivalini yuqori saviyada o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Jumladan, xorijiy mehmonlar va festival ishtirokchilari tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan tarixiy obidalar, Qo‘qon milliy hunarmandchiligi namoyondalarining ustaxonalari, madaniy dam olish maskani festival ishtirokchilari hamda mehmonlar tashrifi uchun tayyorlanmoqda.
Rishton tumani qadimdan Markaziy Osiyodagi sirlangan sopol buyumlar markazi hisoblanadi. Rishtonlik kulollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar o‘zining dizayni, tabiiy rangi va qalampir nusxali naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Tarixdan ma’lumki, o‘rta asrlarda karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan Rishton tez sur’atlarda rivojlanib, Buyuk ipak yo‘lidagi asosiy to‘xtash joyi hamda savdo-sotiqning asosiy markaziga aylangan.
Keyinchalik bu yerda jome masjidi qurilgan. Kulollar chinni ishlab chiqarish usulini Qashg‘ar va Eron davlatlaridan olib kelgan. Rishton buyumlari, miniatyuralari jahondagi san’at shaydolari orasida ham katta shuhrat qozongan. Hech bir hududning kulolchilik namunalariga o‘xshamaydigan bu san’at asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Iroq, Eron, Misr kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish qilinishi hamda jahon ommasi e’tirofiga sazovor bo‘lishi Rishton kulollarining iste’dodidan dalolat beradi.
Rishtondagi usta Ibrohimjon Komilov, Bobojon Nishonov, Hakimjon Sattorov, Sharofiddin Yusupov, Alisher Nazirov, Rustamjon Usmonov singari mashhur kulollar yaratgan mahsulotlar hali-hanuz barchani hayratga solib kelmoqda. Bugungi kunda kulolchilik yo‘nalishida band bo‘lgan ustalar soni 2 ming 435 nafarga hamda shogirdlar soni 6 ming 867 nafarga yetdi.
Kulolchilik forumi doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, kulolchilik maktablarining mahorat darslari, taqdimot va namoyishlar, ko‘rgazma-savdolar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan kulolchilik maktablarining mashhur xalq amaliy san’ati ustalari tomonidan mahorat darslari ham tashkil etiladi. Kulollar va boshqa hunarmandlarga shogird tushmoqchi bo‘lgan yosh havaskorlar tadbirlarda ishtirok etib, loydan kulolchilik mahsulotlarini yasashi, ularga naqsh berishi, pishitish jarayonlarida bevosita ishtirok etishi mumkin.
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat), O‘zA muxbirlari