Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qon va Quvasoyga nega master reja kerak?
11:34 / 2026-01-27

So‘nggi yillarda mamlakatimiz shaharlarini kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib yashash muhitini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan Qo‘qon va Quvasoy shaharlari uchun zamonaviy master rejalar ishlab chiqish dolzarb vazifa sifatida maydonga chiqmoqda.

Master reja bu shahar hududini uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishga qaratilgan asosiy shaharsozlik hujjati bo‘lib, u aholi sonining o‘sishi, iqtisodiy imkoniyatlar, infratuzilma, ekologiya va ijtimoiy sohalarni o‘zaro uyg‘un holda rejalashtirishni nazarda tutadi. Boshqacha aytganda, master reja shaharning kelajak qiyofasini belgilab beruvchi muhim dastur hisoblanadi.

Qo‘qon shahri tarixiy-madaniy merosi, me’moriy yodgorliklari bilan yurtimizda alohida o‘rin tutadi. Shu bois bu yerda shaharsozlik jarayonlarini ilmiy asosda olib borish, tarixiy muhitni asrab-avaylash bilan birga zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish talab etiladi. Master reja orqali tarixiy hududlarni muhofaza qilish, yangi qurilishlarning me’moriy qiyofasini muvofiqlashtirish, turizm salohiyatini oshirish uchun qulay sharoit yaratiladi.

Quvasoy shahri esa sanoat markazi sifatida tanilgan. Bu yerda ishlab chiqarish korxonalari joylashuvi, aholi yashash hududlari va ekologik barqarorlik o‘rtasida muvozanatni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Master reja sanoat zonalarini aniq belgilash, yashil hududlarni kengaytirish, transport va muhandislik kommunikatsiyalarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, master rejaning mavjudligi shaharda betartib qurilishlarning oldini oladi, ijtimoiy infratuzilmaning yetarli darajada rivojlanishini ta’minlaydi. Shuningdek, bunday hujjat investorlar uchun ham aniq yo‘nalish va kafolat vazifasini o‘taydi.

Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Turkiyaning “Policy Analytics Lab” (PAL) iqtisodiy taraqqiyot va maxsus strategiyalar bo‘yicha boshqaruv hamkori Esen Chaglar boshchiligidagi kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqilayotgan Qo‘qon va Quvasoy shaharlari master rejalari muhokama qilindi.

Esen Chaglar Qo‘qon va Quvasoy shaharlarini master rejalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritar ekan, mazkur hududlarda turizm yo‘nalishida katta salohiyat borligini, master rejadagi loyihalarda bunga muhim e’tibor qaratilayotganini bildirdi.

Master reja doirasida hududda zamonaviy turar-joylar, dam olish va xizmat ko‘rsatish maskanlari, ekoturizm va tadbirkorlik zonalari, aholi uchun ochiq yashil hududlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratilib, shaharning investitsiyaviy jozibadorligi va turmush sifati oshiriladi.

Uchrashuv yakunida master rejalarni takomillashtirish hamda ularni samarali joriy etish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.

Muhammadjon Obidov, O‘zA