Bugun Qo‘qon shahridagi Qo‘qon universitetida yoshlar siyosati, zamonaviy ta’lim va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatdagi davlat, nodavlat universitetlar rektorlari, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining yurtimizdagi filiallari rahbarlari ishtirok etdilar.


24-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Sirojev, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ishtirok etdi.


Prezident o‘z nutqida Qo‘qon universiteti tomonidan zamonaviy asbob-uskunalar, texnika va laboratoriyalar bilan jihozlangan 400 o‘rinli o‘quv markazi ishga tushirilganini alohida qayd etgan edi. Ushbu markazda ehtiyojmand oilalar farzandlarini dasturlash, sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishlarida 6 oylik bepul kurslarda o‘qitish rejalashtirilgan. Mazkur tashabbus orqali yiliga 5 mingdan ziyod uyushmagan yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan qamrab olish imkoniyati yaratilishi ta’kidlangan.
Seminarda ushbu vazifalarni amaliy bosqichga olib chiqish, qamrovni kengaytirish va hududlarda mazkur tajribani ommalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.


Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Qo‘qon universiteti hamkorligida Farg‘ona viloyati yoshlarini dasturlash, sun’iy intellekt, robototexnika va STEAM fanlari bo‘yicha bepul o‘qitishga qaratilgan maxsus kurslar tashkil etilmoqda.
Hozirgi kunda universitet huzurida 200 o‘rinli “Yoshlar IT akademiyasi” hamda 1 650 o‘rinli STEAM fanlariga ixtisoslashgan o‘quv binolari barpo etilib, 200 ta zamonaviy kompyuter o‘rnatilgan, robototexnika va fizika laboratoriyalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.


Loyiha doirasida 1000 nafardan ortiq yoshlar dasturlash, sun’iy intellekt, robototexnika, STEAM fanlari hamda ingliz tili bo‘yicha bepul ta’lim oladi.
Yig‘ilish yakunida Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni to‘liq va samarali amalga oshirish, ehtiyojmand yoshlarni qamrab olish ko‘lamini kengaytirish hamda hududiy hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.


Muhammadjon Obidov, O‘zA