Shu kunlarda Farg‘ona viloyatida shamol kuchaydi. Ayniqsa, Beshariq, O‘zbekiston tumanlari va Qo‘qon shahri aholisi uni yaqqol his etdi. Ammo bu odatiy hol. Chunki Farg‘ona vodiysining “darvozasi” deb atalmish bu hudud ikki yoni tog‘lardan iborat.
Kuchli havo oqimi ana shu tor yo‘lakka kelganida tabiatan tezligi oshadi. Mutaxassislar aynan shu yerda shamol kuchidan foydalanish lozim deb hisoblaydilar. Shu sababmi, har holda Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev Xitoyning “China Machinery International Engineyering Design & Research Institute Co., Ltd.” (CMIE) kompaniyasi boshqaruv raisi Vang Shirongni qabul qilganda Farg‘ona viloyatida 2-5 GVt quvvatli shamol energiyasi loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Xo‘sh, bo‘lajak shamol stansiyalari aynan viloyatning qaysi tumani hududida bo‘ladi, hali yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q. Ammo Xitoy kompaniyasining boy tajribasi asosida Farg‘ona viloyatida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan shamol energiyasi loyihasi atroflicha muhokama qilinib, bu boradagi hamkorlik rejalari kelishib olindi.

Ilgariroq viloyatda muqobil energiya olish uchun quyosh panellari o‘rnatish urf bo‘lgandi. Xo‘sh, Farg‘ona viloyatida shamol quvvati elektr quvvatiga aylanadimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA