23-24 iyun kunlari Qo‘qon shahrida Turkiy kengash turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishi va Turizm bo‘yicha ishchi guruhning XV yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019- va 2020 yillarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitlari doirasida ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirish hamda tashkilot doirasida turizm sohadagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari Turkiy kengash doirasida amalga oshirilayotgan «Modern Silk Road» qo‘shma turizm marshruti loyihasiga kiritilishi ta’minlandi.
2020 yil o‘tkazilgan Turkiy kengash turizm masalalari bo‘yicha vazirlarining V yig‘ilishi yakuniy bayoniga ko‘ra, turizm masalalari vazirlarining navbatdagi VI yig‘ilishi va Turizm bo‘yicha ishchi guruhning XV yig‘ilishini 2021 yilning 23-24 iyun kunlari Qo‘qon shahrida o‘tkazishga kelishilgan.
Bugunga qadar mazkur tadbirda Turkiy kengash Bosh kotibi Bag‘dat Amreyev, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri Aktoti Raimkulova, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Akilbek Japarov, Ozarboyjon Respublikasi davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagiyev o‘z ishtirokini tasdiqlagan.

Yig‘ilishda Kengashga a’zo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, «Tabarruk ziyorat» loyihasini amalga oshirish hamda a’zo davlatlarning yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro aviareyslarni tiklash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, xorijiy ishtirokchilar turizm sohasidagi istiqbolli loyihalar, ziyorat turizm imkoniyatlari, Farg‘ona viloyatining hunarmandchilik, ekoturizm va gastronomik salohiyati bilan tanishtiriladi.
Ta’kidlash lozimki, Qo‘qon shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasining Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lganidan keyingi vazirlar darajasidagi birinchi tadbir hisoblanadi.
Ayni kunlarda Qo‘qon shahrida mazkur tadbirga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.Xalqaro Kengashni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Qo‘qondagi Jome’ majmuasi, Xudoyorxon O‘rdasi kabi tarixiy obidalar ko‘rkam ko‘rinishga keltirilmoqda. Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonovning taklifiga binoan Jome’ majmuasidagi hunarmandlar ustaxonalarining shiftlari Muxammadali Yunusov tomonidan bezatiladi.
M. Sulaymonov, O‘zA