Hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasi ko‘rsatkichlarini hisoblash va baholash bo‘yicha avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida Qo‘qon shahri 2022 yilda “Business-indicator” indeksi bo‘yicha Farg‘ona viloyatida eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi.
Darhaqiqat, o‘tgan yili Qo‘qon shahrida yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlar qayd etildi. 101 mln. AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, 177,3 mln. AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksportga chiqarildi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish va servis xizmatlari sohasida hamda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda yaxshi natijalar qo‘lga kiritildi.
Ayni kunda shaharda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan sanoat va ishlab chiqarish korxonalari eksport salohiyatini yuksaltirish, muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
[gallery-12750]
Xususan, “Sadaf sut” korxonasida zamonaviy texnologiyalar asosida sutni qayta ishlash orqali qatiq, smetana, tvorog, pishloq, qaymoq, brinza kabi 20 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilmoqda. “Billur rich” korxonasida esa mato bo‘yash va matoga gul bosish yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda bu yerda yuz nafardan ziyod kishi ish bilan ta’minlangan. Korxona tomonidan joriy yil boshidan beri 420 ming AQSH dollari miqdorida mahsulotlar xorijga eksport qilindi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA