O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Biznes-Ombudsmanga Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahridagi «Qo‘qon Taksi Saroyi» MCHJ rahbari F.Zokirova murojaat qilgan. Uning buzilgan bino-inshootlari yer maydoni uchun kompensatsiya ajratish masalasidagi murojaati o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Qo‘qon shahar "Shohruxobod" ko‘chasida joylashgan qurilish maydoni 3 218,09 m2 bo‘lgan bino-inshootlar Davlat mulki Farg‘ona viloyati boshqarmasining 1995 yildagi 5072-sonli mulkiy huquqni tasdiqlovchi davlat orderiga asosan mazkur jamiyatga tegishli bo‘lgan.
Qo‘qon shahar hokimining 2009 yildagi «Qo‘qon shahar markaziy ko‘chalarini obodonlashtirish maqsadida ayrim jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bino-inshootlarini buzish haqida»gi qaroriga asosan mazkur bino-inshoot buzilgan.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatga shahar hokimining 2016 yildagi 589-sonli qaroriga asosan "Movarounnahr" ko‘chasi hududidan 100,0 m2, 2021 yildagi 76-sonli qaroriga asosan "Mahram" ko‘chasi hududidan 200,0 m2, jami 300,0 m2 yer maydoni ajratilgan.
Lekin, jamiyatning qolgan 2918,09 m2 yer maydonini ajratish bo‘yicha murojaati shahar hokimligi tomonidan ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yildagi farmoniga asosan qonunchilik hujjatlarida yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyozlar va istisnolar 2021 yil 1 avgustdan to‘liq bekor qilinganligini inobatga olib, zararni qoplash maqsadida ajratilishi lozim bo‘lgan yer uchastkasining bozor qiymati hisoblangan holda kompensatsiya olish uchun sudga murojaat qilish tushuntirilgan.
Shunga ko‘ra, Biznes-Ombudsman tomonidan joriy yilning 24 mart kuni Qo‘qon tumanlararo iqtisodiy sudiga kompensatsiya to‘lovlarni undirish to‘g‘risida da’vo ariza kiritildi.
Mazkur ish sud tomonidan mazmunan ko‘rilib, Qo‘qon shahar hokimligidan «Qo‘qon Taksi Saroyi» MCHJ foydasiga 2 729 632 960 so‘m kompensatsiya undirish belgilandi.
Farhod Ahmedov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Biznes-Ombudsman devoni mas’ul xodimi