English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qon shahar hokimligi sud qarorini nega ijro etmayapti? (+video)
17:41 / 2023-07-24

Qo‘qon shahar hokimligining ba’zida asossiz, ba’zida noqonuniy qabul qilgan qarorlari vaqti kelib birin ketin bekor qilinmoqda.

Masalan, 27-maktabning yer maydoni va bino inshootlari shahar hokimi qarori bilan MCHJ shaklidagi tadbiroklik sub’ektiga berib yuborilgan edi. Viloyat hokimi o‘z qarori bilan xotamtoy hokim qarorini bekor qildi va barchasini o‘z egasi – maktabga qaytardi.

Bu daryodan tomchi desak ham bo‘laveradi. Fuqarolarning yer va mol mulkini buzdirib, sud orqali chiqarilgan va qonuniy kuchga kirgan qarorlarga ko‘ra haligacha to‘lanmay kelinayotgan shahar hokimligi qarzdorligi 17 milliard so‘mdan oshibdi. Hokimlik mutasaddisi so‘zlariga e’tibor bering.  

–Hozirgi kunda Qo‘qon shahrida kompensatsiya to‘lovlari 17 milliard so‘m atrofida to‘planib qolganligi sababli viloyat hokimiyatiga murojaat qilingan, -deydi Qo‘qon shahar hokimligi huquqshunosi  Ma’rufjon Qayumov.

Marhabo Raximova shunday haqdorlardan biri.

–Umr bo‘yi to‘quvchi bo‘lib ishladim. Turmush o‘rtog‘im oshpaz edilar. Biz topgan – tutganimizni to‘plab shu yerga avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shahobchasi qurgan edik, - deydi ko‘ziga yosh olib Marhabo opa. – Lekin...

Haqsizlik iztirobida bemorlik orttirib 2 guruh nogironiga aylangan Marhabo Raximova ortiq gapira olmadi.

–Onam hayajonlanib ketyaptilar, - deydi opaning farzandi Ikromjon Raximov. –Qo‘qon shahri hokimi qarori bilan buzilgan inshootlar uchun haligacha kompensatsiya ololganimiz yo‘q.

Hozir ko‘p qavatli uylar qurilayotgan maydonda joylashgan edi, Raximovlar mulki. Uni shahar ko‘chalarini  obodonlashtirish maqsadida buzdilar. Uzoq sarsongarchilikdan so‘ng shahar hokimining, 2013 yil 536-sonli qarori bilan Raximovlarga Qo‘qon-Farg‘ona yo‘lida issiqxona qurish sharti bilan yer maydoni ajratildi. Raximovlar darhol tegishli xujjatlarni rasmiylashtirib qurilish boshlayotgan chog‘da... yerning egasi boriligi aniqlandi. Yer “Universalbank” XATBga tegishli ekan. Qo‘qon shahar hokimining qarori sud qarori bilan “haqiqiy emas” deb topildi va bekor qilindi.

Raximovlar yana hech nimasiz qolishdi.

–Shundan buyon na yer, na kompensatsiya berishadi. Otam bu voqealarni yuragiga yaqin olib vafot etdilar... – deydi Ikromjon Raximov.

Nihoyat Raximovlar oilasi sudga murojaat qildi 2023 yil 19 aprelda uzoq davom etgan o‘rganishdan so‘ng Qo‘qon tumanlararo fuqarolik sudi Qo‘qon shahar hokimligidan 3 814 562 000 ming so‘m undirish haqida qaror qabul qiladi va u tegishli muddat o‘tib qonuniy kuchga kiradi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/anQURuaEa-c" title="Qo‘qon shahar hokimligi sud qarorini nega ijro etmayapti?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

–Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining 2023 yil 20 apreldagi ijro xujjati kelib tushdi. Bunda da’vogar Rahimova Marhabo foydasiga qarzdor Qo‘qon shahar hokimiyatidan 3 814 562 000 ming so‘m konpensatsiya undirish belgilangan. Unga ko‘ra ijro xujjatlari qo‘zg‘atilgan.  Shahar g‘aznachilik bo‘limiga talabnoma yuborildi, mol mulkiga ta’qiq qo‘yildi, hisob raqami band qilindi, -deydi Qo‘qon shahar majburiy ijro byurosi rahbar o‘rinbosari Lazizxon Alixo‘jayev. –Lekin pul mablag‘lari to‘lanmayapti. U kelib tushsa haqdorning hisobiga o‘tkazib beramiz.  

Ha, qonunan adolat qaror topdi. Yer, mol-mulki buzilgan fuqaroga kompensatsiya undirilishi lozim. Ammo...

–Qo‘qon shahar hokimligi hisob raqamida yetarli mablag‘lar bo‘lmaganligi, shu kabi kompensatsiya qarzdorliklari 17 milliard so‘mgacha to‘planib qolganligi sababli  shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov tomonidan Farg‘ona viloyat hokimligi qoshidagi maxsus jamg‘armaga murojaat qilindi, - deydi huquqshunos Ma’rufjon Qayumov.– Viloyat hokimligi mutaxassislari Qo‘qonga kelib vaziyatni o‘rganishdi va natijalarini Respublika iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etdilar. Agarda vazirlik qoshidagi maxsus jamg‘arma Farg‘ona viloyatidagi hududiy jamg‘armaga, u esa Qo‘qon shahar hokimligiga shu pullarni o‘tkazib bersa, biz nafaqat Raximova, boshqa haqdorlarga ham  kompensatsiya pullarini to‘lab berishga harakat qilamiz.  

Shunday qilib hokimiyat jabrlanuvchiga “jamg‘arma”lar pul ajratsa beramizda, demoqda. Jabrlanuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga qilgan murojaati ham natija bermadi. Javob xatida shunday deyiladi.

“Respublika jamg‘armasi kuzatuv kengashi o‘z ishchi organi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va Respublika jamg‘armasidan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash uchun hududiy jamg‘armalarga mablag‘ ajratish yoki ajratishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi belgilab qo‘yilgan”

Vo ajab, sudning qonuniy kuchga kirgan qarorini vazirlik muhokama qiladimi, qarorda ko‘rsatilgan yetkazilgan zararni qoplashni o‘z tarikibidagi hududiy jamg‘armaga “rad etishi” ham mumkinmi?

Haqli savol tug‘iladi. “Jamg‘arma”da sud qarori ijrosini “rad etish” huquqi bor ekan, nega Majburiy ijro byurosi Qo‘qon shahar hokimligidagi xatlovga olingan o‘nlab avtomashina, mol- mulkni sotuvga qo‘ymayapti?

Xullas Raximovlar sud qarori bilan yetkazilgan zararni undirib olguncha xali Qo‘qon shahar hokimiyati, majburiy ijro byurosi, g‘aznachilik o‘rtasida ko‘o‘o‘p sarson bo‘ladigan ko‘rinadi.

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov.