Qo‘qon o‘zining tarixiy obidalari-yu, hunarmandchilik shahri ekani, ilm-fan markaziga aylangani va mamlakatning yirik sanoatlashgan hududi bo‘lgani bilan mashhur. Ammo so‘nggi yillarda Qo‘qon rivojlangan tibbiyot shahriga aylandi. Bu yerda 659 nafar yuqori malakali, jumladan 365 nafar toifali shifokorlar xizmat qilmoqda. Portativ rentgen, flyuorografiya, EGDFS, VTT, EKG kabi apparatlar har bir shifo maskanida mavjud. Tahlil laboratoriyalarining o‘zida 450 dan ziyod analizator jihozlari ishlab turibdi. Buni birgina Qo‘qon shahridagi shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi misolida ham ko‘rish mumkin.
– So‘nggi yillarda shifoxonamizga juda ko‘p tibbiy jihozlar olindi. Ayniqsa, tashxis qo‘yish uskunalari zamonaviy rusumdagilariga almashtirildi. Hatto raqamli narkoz berish apparatlarigacha yangilandi, – deydi Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi bosh shifokori Bahodir Nazarov. – Angiografning keltirishi esa shifoxona uchun katta voqea bo‘ldi. Umuman, Qo‘qon tibbiyotida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi.

O‘zgarishlar esa juda tez natija berdi. Zamonaviy tibbiy texnik vositalarni qo‘llagan malakali shifokorlar noyob amaliyotlarga ham qo‘l urdi.
Buyrak ko‘chirish bilan bog‘liq muammoli bemorlar uzoq yillardan buyon Toshkent shahriga yoki xorijiy mamlakatlarga borishga majbur bo‘lar edi. Mana ikki yildirki, bu murakkab jarrohlik amaliyoti Qo‘qon shahrida yo‘lga qo‘yildi. Bugungacha o‘ndan ortiq bemorda buyrak ko‘chirib o‘tkazildi hamda ularning barchasi sog‘lom hayotga qaytgan.

Shifoxonada yana bir yangilik ro‘y berdi. Endi yurak – qon tomir kasalligi bo‘lgan bemorlarda yurak xuruji tutgan chog‘idayoq shu yerda jarrohlik amaliyotiga yotqiziladi. Buning uchun shifoxonaga Angiograf uskunalari olib kelindi.
– O‘tkir yurak qon tomir kasalliklari, ya’ni infarkt, insultlarda vaqt chegaralangan bo‘ladi. Dastlabki 6-8 soatda kerakli amaliyot o‘tkazilsa bemor hayotini saqlab qolish yoki nogironlikdan asrash mumkin, – deydi endovaskulyar jarroh Muboshirxo‘ja Xayrullayev. – Biz ikki oy ichida yetmishdan ortiq shunaqa bemorlarda tezkor jarrohlik amaliyoti o‘tkazdik va ularning ahvoli hozirda yaxshi.

Qon tomirlariga stend qo‘yish, ya’ni kengaytirish amaliyoti uchun malakali mutaxassislar kerak edi. Bu masala shifoxonaga angiograf olinishi barobarida hal etildi.
– Hozirda angiografiya bo‘limida mutaxassislar masalasida muammo yo‘q. 3 ta shifokor shu yo‘nalishda respublikaning yetakchi klinikalarida malaka oshirib kelganmiz. Va shu ko‘nikmalarni angiografiya bo‘limida tatbiq qilyapmiz, – deydi Muboshirxo‘ja Xayrullayev.

– Yetmishdan ziyod bemorlarga tashxis qo‘yildi va amaliyot o‘tkazdik. Avval-chi? Unda tashxis qo‘yilardi-yu, davolay olmasdik, markaz yoki xorijga borishni tavsiya etardik. Chunki zarur tibbiy jihoz, uskunalar, zamonaviy apparatlar yo‘q edi, – deydi bosh shifokor.
Qo‘qondagi birgina shu shifoxonada ikkita buyrak yetishmovchiligi bemorlari uchun qon tozalash uskunasi ishlab turibdi. Tahlil laboratoriyalariga esa so‘nggi rusumdagi jihozlar qo‘yilgan. Hammasi inson uchun, uning salomatligi uchun shiori ostida faoliyat yurityapti.
– Agar shifoxonamizga yurak – qon tomir kasalligi bo‘lgan bemorlar shoshilinch tarzda olib kelinsa, insult, infarkt aniqlansa, ularga stend qo‘yish bepul amalga oshiriladi,– deydi Bahodir Nazarov. – Bizning imkoniyatimiz ham, rejalarimiz ham katta. Endi jigarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Buning uchun tayyorgarlik ishlari olib borilyapti.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/X3UTCL99y8I?si=PAWOjpXuAT-uQMc-" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov