Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘qon dunyo hunarmandlari markaziga aylanmoqda
16:53 / 2025-01-31

Ochiqlik siyosati O‘zbekistonda barcha jabhalarda sezilmoqda. Tashqi siyosatda qo‘ni-qo‘shni, uzoq va yaqin qit’a mamlakatlari bilan hech qachon bugungidek hamfikrlik, bordi-keldi bo‘lmagan. Ilgarilari davlatlar rahbarlarigina uchrashsalar, xalqaro hamkorlik endi quyi pog‘onaga, viloyatlararo, shaharlararo maqomni ham egalladi.

Bir yurtdoshimiz ijtimoiy tarmoqda festivallar kerakmi, degan savol tashlabdi.

–Kerak, aynan ochiqlik siyosati qaror topayotgan O‘zbekiston uchun bugun u juda kerak, – deydi qo‘qonlik o‘ymakor usta Mirzayunus Umarov. – Qo‘qonda bu yil uchinchi bor xalqaro hunarmandlar festivali bo‘lib o‘tadi. Men 2019 yilda o‘tgan I festivalda o‘nlab davlatlardan kelgan hamkasblarim bilan erkin-emin uchrashib suhbatlashdim, tajriba almashdik.

Avvallari hunarmandchilik sohasiga e’tibor susayib, minglab yillar davomida avloddan avlodga o‘tib kelgan hunarlar unutilayozgan edi. Sababi o‘sib kelayotgan yosh avlodda ushbu sohaga qiziqish yo‘qolgan o‘sha paytda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Birinchi xalqaro hunarmandlar festivali milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni butun jaxonda keng targ‘ib etish, turizm sohasining rivojiga xizmat qilishi bilan bir qatorda hunarmandchilik sohasi nufuzini oshirishga xizmat qildi.  

Birgina 2019 yilda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan festivalda dunyoning 78 davlatidan vakillar qatnashdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham festival tantanalarida ishtirok etdi.

– Festivaldan oldin 3-4 shogirdimiz yonimizda hunar o‘rganib yurar edi. Mana birinchi, ikkinchi xalqaro hunarmandlar festivallari bo‘lib o‘tdi. Endilikda yoshlarning sohaga qiziqishi kuchayib, shogirdlarimizning soni bir necha bor ortdi. Ularning barchasi hunar o‘rganib, shu orqali hayoti farovonlashdi, oilasini boqyapti, – deydi yuzlab shogirdlar tayyorlagan ustoz o‘ymakor usta Mirzayunus Umarov.

–Har gal o‘tkazilgan festival oldidan Qo‘qon shahrida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yangi mexmonxona va xostellar, kafe va restoranlar qurib foydalanishga topshirildi. Shahardagi yo‘l va kommunikatsiyalar yangilandi. 12 ta tarixiy obida mukammal ta’mirlandi,– deya qo‘shimcha qildi Mirzayunus Umarov.

– O‘zbekiston Hunarmandlar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2025 yilda Qo‘qon shahrida bo‘ladigan navbatdagi festival haqida ma’lum qilindi. Buni eshitib, boshimiz osmonga yetdi, hozirdan shogirdlarimiz bilan festivalga tayyorgarlik ko‘rishni boshladik. Xudo xoxlasa festivalda eng sara mahsulotlarimizni butun dunyoga namoyish qilamiz, – dedi o‘ymakor usta.

Yodingizda bo‘lsa, 2019 yilda o‘tkazilgan festivalda Qo‘qon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” unvoni berildi. 2023 yilda o‘tkazilgan festivalda esa ishtirokchilarning soni yanada ortdi. Festival bilan hamohang ravishda Rishton shahrida xalqaro kulolchilik forumi ham o‘tkazilgan.  

Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri