Otning qo‘lga o‘rgatilgani va g‘ildirak kashf etilganiga to‘rt ming yil bo‘ldi.
G‘ildiraklar dastlab jang aravalarida qo‘llanildi. Yuk va odam tashishga mo‘ljallangan arava esa keyinroq vujudga keldi. «Aroba» atamasi arab tilidagi «a’rob» – ya’ni, ko‘chib yuruvchi, harakatlanuvchi so‘zidan olingan bo‘lib, o‘zbekcha talaffuzda «arava» shakliga kelib qolgan.
Qo‘qon arava deyarli butun Markaziy Osiyoga tarqaldi va mashhur bo‘ldi. Uning boshqa mahalliy aravalardan farqi – g‘ildiragining kattaligida. Uning afzallik tomonlari:
* Qo‘qon aravaning tezligi boshqa mahalliy aravalar tezligidan bir yarim barobar ortiq bo‘lgan;
* muvozanat saqlash qobiliyati kuchliroq. Yo‘lning qaltis joylarida ag‘anab ketmaydi;
* o‘tmishda ko‘chalarni juda ko‘p ariqlar kesib o‘tgan. Qo‘qon arava odam sakrab o‘ta oladigan ko‘priksiz ariqlardan o‘tib ketish imkoniyatiga ega bo‘lgan;
* Qo‘qonda yer osti suvlari yer sathiga yaqin bo‘lganligi uchun kuz, qish, bahorda yog‘in-sochin yerga yaxshi singmay, ko‘chalarda loygarchilik uzoq davom etgan. Qo‘qon arava loyga botib qolmagan. Botib qolgan taqdirda ham uni loydan chiqarib olish oson bo‘lgan;
* daryolarning kechuv joylaridan osonroq o‘tgan. G‘ildirak katta bo‘lgani uchun aravaning balandligi ham shunga yarasha bo‘lgan va suv uning shotisini ko‘mmagan, binobarin, yuk va odam daryodan xo‘l bo‘lmay o‘ta olgan.
Qo‘qon aravaning vujudga kelishi uzoq yillik hayotiy va amaliy tajriba mahsulidir, ya’ni asrlar mobaynida shakllanib, takomillashib kelgan. U o‘z nomini uzil-kesil XVIII asrning birinchi yarmida, Qo‘qon xonligining ilk yillarida oldi.
Qo‘qon xonligi tarixiga oid «Avzal – ut tavorih» asarining Qozon shahrida saqlanayotgan qo‘lyozma nusxasida keltirilishicha, Shohruhbiyning o‘g‘li Abdurahimbiy (xonlik davri 1721-1733 yy.) Samarqand yurishidan bir yil oldin xo‘qandlik aravasoz ustalarni to‘plab, o‘g‘ruq (urush holatlarida xazina, zaruriy yuklar, oziq-ovqat va qurol-aslaha zaxiralarini olib, asosiy qo‘shindan keyinroqda yuradigan maxsus karvon (ruscha «oboz») uchun tezyurar, baquvvat, yo‘lsiz joylarda ham yura oladigan aravalar yasab berishni so‘ragan. Usta Muhiddin usta Bahriddin o‘g‘li boshliq aravasozlar bir yillik tajriba, izlanish pirovardida katta g‘ildirakli aravalar tayyorlagan. Bu paytgacha ham g‘ildiraklar asta-sekin kattalashib kelayotgan edi.
Usta Muhiddin yasagan g‘ildirak esa oldingi g‘ildiraklardan ham kattaroq bo‘lgan. Ushbu asarda bu arava «Xo‘qand arava» tarzida birinchi marta qalamga olingan.
Qo‘qon arava uch qismdan iborat: shoti (aravashoti), tegirchak (g‘ildirak) va o‘q. Shoti 4,5 (ba’zan 5) metrgacha uzunlikdagi ikkita otyog‘och (otlik), sakkizta pog‘ona, ikkita so‘loq va ayg‘izdan iborat. Otyog‘ochlar mirzaterakdan yo‘niladi. Tegirchak (g‘ildirak) gupchak, to‘g‘in, negay, bellik va yostiq kabi qismlardan iborat.
Tegirchakning hamma qismlari bujun (qayrag‘ochning bir turi)dan yasaladi. O‘q – yo‘g‘onligi 40 sm., ikki yarim-chorak kam uch metrcha uzunlikdagi silliqlangan bujun yog‘ochi bo‘lib, ikki uchi ikki tegirchak gupchagiga kiritiladi va ustiga aravashoti mindiriladi. Arava yurganda shoti siljib ketmasligi uchun uning ostiga so‘loq o‘rnatiladi. XX asrning birinchi choragi oxirigacha aravaga metall ishlatilmagan.
Shu tufayli u daryoda suzish imkoniyatiga ham ega bo‘lgan. 1904-1906 yillarda Farg‘ona vodiysini har taraflama o‘rgangan rus olimi A.F.Middendorf o‘zining «Farg‘ona» asarida Sirdaryoda suzib ketayotgan Qo‘qon aravalarni ko‘rib, qoyil qolganini, dunyoning boshqa joylarida suzishga qobil aravalarni ko‘rmaganini e’tirof etadi va aravaning yasalish jarayonini tasvirlab beradi.
XX asrning yigirmanchi yillaridan boshlab Qo‘qon aravalar g‘ildiragini temir bilan aylantirib qoplash yo‘lga qo‘yildi. Aravasozlik atamashunosligida bu temir «aravatemir», uning g‘ildirak yog‘ochiga (kegaylarga) mustahkamlaydigan mix esa «aravamix» deb nom olgan.
Qo‘qon aravalar yuk va odam tashish vositasi bo‘libgina qolmay, kezi kelganda mudofaa vositasi sifatida ham qo‘llanilgan. Qamal, qurshov holatlarida aravadan chib (to‘siq, barrikada) sifatida foydalanilgan.
Qo‘qon xonligi tarixiga oid qator asarlarda keltirilishicha, Sayyid Muhammad Xudoyorxon bir necha marta (Chinozda, Yozyovonning «Bilqillama» degan joyida, Marg‘ilon yaqinida) dushmanlari qurshoviga tushib qolganda o‘zining qarorgohi va oz qolgan qo‘shini atrofini aravalar bilan o‘rab olib, yordam yetib kelguncha mudofaada turgan.
M.Sulaymonov, O‘zA