Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etilgan favqulodda vaziyat holatida chegara bojxona postlari orqali fuqarolar harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan bo‘lsada, yuk avtotransport vositalari barqaror harakatlanmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Axborot xizmatining O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi “tadbirkorlar” vaziyatdan “g‘arazli” maqsadlarda foydalanib, davlat byudjetiga undiriladigan to‘lovlardan qochib qolishga urinmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Daut-ota” chegara bojxona postiga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan fuqaro E.D boshqaruvida kirib kelgan “VOLVO” rusumli yuk avtotransport vositasining og‘irligi postda o‘rnatilgan avtotarozida o‘lchanganida hujjatlarda ko‘rsatilgan og‘irlik bilan tafovut aniqlanib, bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Natijada, yo‘l-yuk hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan dastlabki so‘rovga ko‘ra qiymati 234 million so‘mlik jami 311 ming 850 dona shisha banka konserva qopqoqlarini Turkiyadan olib kelayotganligi aniqlandi.
Ta’kidlash joizki, ushbu tovarlar qonuniy turda bojxona rasmiylashtiruviga taqdim etilganida, davlat byudjetiga taxminan 57 million so‘m pul mablag‘i o‘tkazilgan bo‘lar edi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA