English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunosti hujjatlarining ko‘pligi qonunchilikdagi takrorlanishlar, tafovut va chalkashliklarga sabab bo‘lmoqda
17:54 / 2021-02-26

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Adliya vazirligining taklifi asosida joriy yil 22 fevral kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2 mingta hujjatining kuchini yo‘qotishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori hamda hafta davomida qabul qilingan qonun hujjatlari bo‘yicha ma’lumot berildi.

– Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (lex.uz)da 35 mingdan ortiq qonunchilik hujjatlari mavjud, – dedi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Sardor Nusratov.

 – Qonunosti hujjatlarining ko‘pligi qonunchilikdagi takrorlanishlarga, tafovut va chalkashliklarga sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘z navbatida, huquqni qo‘llash amaliyotini murakkablashtiradi, ulardan foydalanishda noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Shu kabi muammolarning dolzarbligini inobatga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish orqali qonunchilik bazasini qisqartirish yoki boshqacha aytganda, kesib tashlash (tartibga soluvchi gilotina usuli orqali) ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Qayd etilganidek, qonunchilik hujjatlarini qisqartirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish, tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan tartibga solish yukini kamaytirish, qonunchilik bazasini harakatsiz va amalda qo‘llanilmayotgan hujjatlardan “xalos etish”, pirovardida qonunchilik hujjatlaridan foydalanishda fuqarolar va tadbirkorlarga yengillik yaratishdir.

O‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlarni bekor qilishning amaliy ahamiyati, ya’ni fuqarolar va tadbirkorlar uchun foydasi shundan iboratki, birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan aynan qaysi hujjatdan foydalansa to‘g‘ri bo‘ladi, degan savolga yechim topiladi. Ikkinchidan, huquqiy axborotdan foydalanishda va huquqshunos xizmatlari bilan bog‘liq sarf-xarajatlar qisqarishiga xizmat qiladi. Uchinchidan, qonunchilikdagi takrorlanish va tafovutlarning bartaraf etilishiga olib keladi.

Adliya vazirligi tomonidan boshlangan qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish bo‘yicha ishlar dastlabki qadamlar bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi ishlar yana davom ettiriladi. Hozirda vazirlik tomonidan qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishning ikkinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, unda qonunchilik hujjatlari sohalar kesimida birlashtiriladi.

Matbuot anjumanida shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan ilg‘or horijiy davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom bo‘yicha tushuntirish berildi.

Qayd etilishicha, mazkur nizomda “korrupsiyaga qarshi ekspertiza” tushunchasiga ta’rif berilgan bo‘lib, unga ko‘ra korrupsiyaga qarshi ekspertiza normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash, aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqish va choralar ko‘rishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.

Tadbirda hujjat loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda jamoatchilik keng jalb qilinishi, bunda fuqarolar regulation.gov.uz portalida cheklist to‘ldirish orqali qonun hujjatlari loyihalari bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.

Korrupsiyaviy omillar to‘liq qayta ko‘rib chiqilib, 4 ta yo‘nalishga ajratildi. Jumladan, normalarning barqarorligi va huquqiy muvofiqligi bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyaviy omillar, vakolatlar, huquq va majburiyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyaviy omillar, ma’muriy tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyaviy omillar, nazorat bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyaviy omillar.

Matbuot anjumani davomida normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish samaradorligini oshirish maqsadida Korrupsiyaviy omillarni aniqlash metodikasi ishlab chiqilganligi aytib o‘tildi.

 

Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA