Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunlarni chetlab o‘tib bo‘lmaydi
17:28 / 2025-07-12

Milliy iqtisodiyotimiz xavfsizligi va jamiyatda sog‘lom turmush tarzini ta’minlash maqsadida Namangan viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda muntazam ravishda tezkor reyd tadbirlarini o‘tkazib kelmoqda.

Xususan, yaqinda viloyat hududiga kontrabanda yo‘llar orqali olib kirilgan, raqamli markirovka kodlariga ega bo‘lmagan va aksiz markalari bilan qadoqlanmagan tamaki mahsulotlari va dori vositalarining noqonuniy aylanishining oldi olindi. 

“Namangan – Surxondaryo” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan avtotransport vositasi tezkor ma’lumot asosida Chust tumanida to‘xtatildi. Tashqaridan oddiy yuk mashinasiga o‘xshagan bu vositada yukxona ko‘zdan kechirilganida, turli tovarlar orasiga yashirilgan 3 ming 350 quti tamaki mahsulotlari va 20 turdagi 1 ming 105 quti tibbiy dori vositalari topildi. 

Ikkinchi holat esa Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning yashash xonadoni tegishli tartibda ko‘zdan kechirilganida, yerto‘ladan jami 9 ming 220 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi. Tezkor ma’lumotga asosan tashkil etilgan yana bir tadbirda, Namangan shahri hududida fuqaro boshqaruvidagi transport vositasi to‘xtatildi. Xolislar ishtirokida amalga oshirilgan tekshiruvda yukxonada jami 1 ming 650 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi. 

Tekshiruv jarayonida barcha tovarlar muqaddam aylanma yo‘llar orqali mamlakatga olib kirilgani, hech qanday hujjatlar va aksiz markalari mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini chetlab o‘tib, mo‘may daromad topaman, deb o‘ylagan shaxslar niyatiga yetolmadi. Ayni paytda holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.