Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatida doimiy asosda ishlovchi, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxonov, siyosiy partiyalar viloyat kengashlari rahbarlari, mutasaddi idoralar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Qutbidin Burxonov va boshqalar Oliy Majlis Senati tomonidan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining turli jabhalariga oid ko‘plab qonunlar qabul qilinayotganligi, mazkur hujjatlar o‘z yo‘nalishidagi ishlarni tartibga solish bilan birga, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga, yurtimiz taraqqiyotini rivojlantirishga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinganligi qayd etildi.
Shuningdek, senat qo‘mitasi raisi, viloyat adliya boshqarmasi, tegishli idoralar mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga yangi qonunlar, qonunlarga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar, ularning mazmun-mohiyati, maqsadi, muhim jihatlari haqida ma’lumotlar berildi.
– Yangi qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalariga o‘zgartirish kiritildi, – deydi Qutbidin Burxonov. – Bu bilan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiqlashtirildi.
[gallery-25239]
Yig‘ilishda Andijon viloyatida oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar holati ham atroflicha muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari, umuman, yoshlar bandligini ta’minlash borasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriq va tavsiyalar berildi.
Ishtirokchilar yangi qonunlar mazmun-mohiyati, ularni keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etish va boshqa masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga senatordan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.