Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumat a’zolari, tegishli soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi. Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala – “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni loyihasi haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari qo‘mitasi raisi A.Atajanov ma’ruza qildi. Deputatlar ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.
Shuningdek, "Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida" gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonuni loyihasi haqida Jo‘qorg‘i Kengesning Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J.Berdixanov, onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xorijiy kompaniyalarning dori vositalarini asossiz buyurtirish holatlariga chek qo‘yish, sohada byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga yuborilgan parlament so‘rovi natijasi to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vaziri M.Qurbonov, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va innovatsiya masalalari qo‘mitasi raisi B.Seytnazarov ma’ruza qildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
[gallery-24309]
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati, turizm va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ushbu qo‘mitasi raisi M.Atamuratovning axboroti tinglandi. Deputatlar ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.
Kun tartibidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonining Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining hisoboti to‘g‘risida navbatdagi masala bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari – Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Vladimir Jollibekov ma’ruza qildi.
Sessiyada aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga qamrab olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirining, qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan maqsadli foydalanish, suv isrofgarchiligini kamaytirish va suvni tejashga qaratilgan chora-tadbirlarning bajarilish holati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining hisobotlari tinglandi.
Sessiya kun tartibida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni tan olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan 2023 yil 28 iyulda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy shaxslar tomonidan qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, shu asosda, shahar va tumanlardagi jami 27 ming 590 ta kadastr hujjati bo‘lmagan turar joylarga egalik qilish huquqi berildi. Kadastr pasportlari ishlab chiqildi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu ezgu ishlar yanada davom ettirilib, "O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida" gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonun ijroga olinib, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi tan olinayotgan 266 nafar fuqaroning ro‘yxati sessiya qarori bilan tasdiqlandi.
Deputatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA