Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunlar ijrosi prokuratura nazoratida
17:25 / 2023-03-05

Buxoro viloyati prokuraturasi organlari tomonidan 2022 yilda qonunlar ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 8 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan.

Bu haqida viloyat prokurori Mahmud Istamov Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida bergan hisobotida ma’lum qildi.

Jumladan, mansabdor shaxslarning 1561 ta qonunga zid va asossiz huquqiy hujjatlari protest asosida qonunlarga muvofiqlashtirilgan yoki bekor qilingan. Aniqlangan qonun buzilishlar, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish yuzasidan 1216 ta taqdimnoma kiritilgan. 2895 nafar mansabdor shaxslar qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasman ogohlantirilgan. 1272 nafar mansabdor shaxslar intizomiy va 1652 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.  

Sudlarga 39,5 milliard so‘mlik zararlarni undirish bo‘yicha  

225 ta da’vo arizalari kiritilgan. Jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 365 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Nazorat tadbirlari va jinoiy ishlarning tergovi davomida 70 milliard so‘mlik zararlarning undirilishi ta’minlangan. Bu tadbirlar natijasida 7957 nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan.  

Misol uchun, viloyatdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalasi o‘rganilganda sohada tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yilib  kelinayotganligi  aniqlangan.

Jumladan, davlat MTTlari tarbiyalanuvchilari uchun eng muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan baliq 37,2 foizga, kakao 58,3 foizga, sut mahsulotlari 70 foizga, tuxum 78 foizga, bug‘doy uni 80,8 foizga hamda  meva va sharbatlar  85,4 foizga  ta’minlanganligi, shuningdek, MTTlarning 85 tasida mahsulotlarni saqlash uchun sovutgichlar, hatto 122 tasida idish-tovoqlar  yetarli  emasligi  aniqlangan. Shuningdek, 69 tasida mahsulotlar normativ bo‘yicha berilmayotganligi, 51 tasida mahsulotlarni saqlash qoidalariga rioya qilinmayotganligi, 42 tasida mahsulotlarning sifat sertifikatlari, 38 tasida go‘sht va sut mahsulotlariga mutaxassis xulosalari mavjud emasligi va boshqa bir qator kamchiliklar aniqlanib, ularning bartaraf qilinishi ta’minlangan.  

Bundan tashqari, o‘rganishda davlat MTTlarining 66 nafar  

mansabdor va moddiy javobgar shaxslari tomonidan oziq-ovqat va ota-ona to‘lovlarini talon-toroj qilganligi aniqlangan. 1 ta holatda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 65 nafar shaxslar  ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Davlatga yetkazilgan 103,1 million so‘mlik zararlar aybdor shaxslardan  undirilgan.  

Muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida rahbarlik lavozimiga tayinlanishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi qonun talabini bajarish maqsadida ko‘rilgan choralar natijasida 40 nafar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari lavozimidan bo‘shatilgan edi. Rahbarlik lavozimidan bo‘shatilgan shaxslar jinoiy harakatlarini boshqacha yo‘llar bilan davom ettirib kelayotganligi tezkor tadbirlarda fosh etilgan. Jumladan, Buxoro shahridagi 50-son davlat MTT rahbari Vasiyeva muqaddam byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish jinoyatini sodir qilganligi sababli maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘ining 2022 yil 11 fevraldagi buyrug‘i bilan direktor lavozimidan bo‘shatilgan edi. Biroq, Vasiyeva pedagogik yo‘nalishda mehnat stajiga ega bo‘lmagan o‘zining kelini Hamroyevani direktor lavozimiga tayinlanishiga, o‘zi esa mazkur tashkilotda tarbiyachi-pedagog vazifasiga ishga qabul qilinishiga erishib, amalda direktorlik lavozimini o‘zi bajarib, ta’magirlik harakatlarini davom ettirib kelgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda Vasiyeva tarbiyachi Mahmudovaning tarif stavkasini 1 hissaga oshirish evaziga  

pora talab qiladi. 2022 yil 12 dekabr kuni tashkilot  

direktorining xizmat xonasida 1  million 100 ming so‘mni  olgan  vaqtda  ashyoviy  dalillar  bilan  ushlanadi. Vasiyevaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish hozirda sud muhokamasida ko‘rib chiqilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA