Mamlakatimiz sud-huquq tizimida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Aholining tizimga bo‘lgan ishonchi ortmoqda.
Navoiy viloyati Tomdi tumani Musiqa va san’at maktabida tuman sudi raisi Dilobar Ergasheva, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarafshon tumanlararo sudi raisi Anvar Shukurov, Zarafshon tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sherzod G‘ofurov ishtirokida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri sud-huquq tizimidagi islohotlar va qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.
Tadbirda dastlab 2021 yil 25 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida” gi qonun haqida so‘z yuritildi. Mazkur qonun 2021 yilning 29 may kuni Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullanib, jinoyat kodeksida bir nechta yangi jinoiy javobgarlik turlari belgilandi.
– Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda ularni qiynoqqa solish yoxud ularga azob berish ularning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazo choralari qo‘llanilishi belgilandi, – deydi Tomdi tumani sudi raisi Dilobar Ergasheva. – Shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadida tayyorlash yoxud qayta ishlash uchun asbob-uskunalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki o‘tkazish 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida” gi Qonun va boshqa bir qator qonun hujjatlariga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, qonun bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, sud buyrug‘ida, alohida sud hujjati tarzida chiqariladigan ajrimida, ijro varaqasida qarzdor yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami ko‘rsatilishi majburiyligi belgilandi. Shuningdek, huquqiy targ‘ibot tadbirida oilaviy ajrimlarning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni va 2020 yil 3 sentyabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, bu sohada byurokratik g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish, ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbir davomida fuqarolarning sud-huquq masalalariga doir savollariga sudyalar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Laylo Sharipova,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Zarafshon tumanlararo sudi sudyasi.
O‘zA