O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda joriy yil pandemiyaga qaramay amalga oshirilgan ishlar hamda bu borada Senatning o‘rni to‘g‘risida so‘z yuritdi.
– Yakunlanayotgan yil sinovlarga boy bo‘ldi, – dedi parlament yuqori palatasi Raisi T.Norboyeva. – Pandemiya qanchalik qiyinchilik va noqulayliklar to‘g‘dirmasin, mamlakatimizda islohotlar izchillik bilan davom etmoqda. Shu jumladan, Senat ham o‘z ishini susaytirayotgani yo‘q. Xususan, Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan vakolatlar hamda davlatimiz rahbarining yil boshida yangi saylangan parlament a’zolari bilan uchrashuvda, Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, qonunchilik yo‘nalishida yil boshidan buyon 60 ga yaqin qonunlar ko‘rib chiqildi.
Ahamiyatlisi, quyi palata tomonidan kiritilgan qonunlar shunchaki ma’qullanmasdan, ularning hududlar manfaatlariga qay darajada mosligi nuqtai nazaridan tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilmoqda. Senatga kelib tushgan qonun hududlardagi mahalliy Kengashlarda muhokama qilinmoqda, yetuk olimlar, ekspertlar, tajribali amaliyotchilar va jamoatchilik vakillarining fikrlari ham inobatga olinmoqda. Ayni shunday yondashuv asosida joriy yil 6 ta qonunning rad etilgani ham avval ishimizda deyarli kuzatilmagan holat ekanligini alohida qayd etish lozim.
Qolaversa, yangi amaliyot yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunga qadar 30 ga yaqin qonunlar tizimli tahlil qilinib, qonun osti hujjatlari bilan o‘zaro nomuvofiqliklarni bartaraf etish, eski va bugungi kun talablariga javob bermaydigan normalarni yangilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisi davom etmoqda.