English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonuniylashtirish jarayoni muhokama qilindi
20:57 / 2026-01-27

Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasida o‘zboshimcha egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni qonuniylashtirish jarayoni muhokama qilindi. Yig‘ilishda qonun normalarini joylarda samarali tatbiq etish, aholi manfaatlarini qonuniy himoya qilish va sohadagi muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Viloyat adliya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda tizimga jami 9 664 ta ob’ekt kiritilgan. Shundan 4 825 ta ob’ekt bo‘yicha vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda va xulosa berish bosqichida turibdi. 2 480 ta ob’ekt e’lon bosqichida bo‘lib, fuqarolar va yuridik shaxslar noto‘g‘ri xulosa bergan tashkilotlarga e’tiroz bildirish huquqiga ega. Yana 670 ta ob’ekt bo‘yicha adliya organlari xulosa berish jarayonida 268 ta ob’ektda bir martalik to‘lovlar amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar esa 894 ta ob’ektga mulk huquqi qonuniy ravishda e’tirof etilgan.

Shu bilan birga, 310 ta ob’ekt huquqiy talablarga nomuvofiq deb topilgan va ularga huquq e’tirof etish rad etilgan. Bu holat qonun ustuvorligi va huquqiy mezonlarga qat’iy rioya qilinayotganini ko‘rsatadi.

–   Mulk huquqini qonuniy e’tirof etish nafaqat fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladi, balki yer resurslaridan samarali foydalanish, shahar va qishloqlarda ijtimoiy tartibni mustahkamlashga xizmat qiladi. Huquqiy aniqlik esa ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy faollikning oshishiga zamin yaratadi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan chora-tadbirlar aholi uchun qulaylik yaratadi, vakolatli idoralar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlaydi va mas’ul tashkilotlarning javobgarligini oshiradi, –   dedi yig‘ilishda ishtirok etgan adliya boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Jahongir Shomirzayev.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, qonuniylashtirish jarayoni aholi va davlat o‘rtasida ishonchni mustahkamlaydi, investitsiya va loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi. Shuningdek, aholi o‘rtasida keng qamrovli axborot-tahlil tadbirlari tashkil etilishi huquqiy aniqlikni ta’minlashda va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Yig‘ilishda qonunchilik talablari, yangi mexanizmlar va ularning amaliy samarasi ham muhokama qilindi. Vakolatli idoralar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, mas’ul tashkilotlarning javobgarligini oshirish va huquqiy tushuntirish ishlarini faollashtirish bo‘yicha vazifalar aniq belgilab olindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri