Oxirgi kunlarda Bozorov Miraziz ismli fuqaro o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahridagi Xasti Imom masjidi oldida va Amir Temur xiyobonida noan’anaviy jinsiy qarashga ega shaxslar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiriqlar bilan chiqqan.
Ta’kidlash lozimki, Bozorov bundan avval ham bir necha bor jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, millatimizga xos bo‘lmagan xurmacha qiliqlari aks etgan videolavhalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, o‘zining buzuq xulq-atvorini ommaga namoyish qilib kelgan.
Natijada joriy yilning 28 mart kuni uning nomaqbul chaqiriqlarini o‘zlariga nisbatan haqorat deb hisoblagan bir guruh fuqarolarimiz bu holatga nisbatan o‘z fikr va qarashlarini bildirish maqsadida Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga to‘planganlar.
Buning oqibatida mazkur shaxslar tomonidan ommaviy tartibsizlik sodir etilib, jamoat xavfsizligiga putur yetkazilgan. O‘z navbatida, huquq-tartibot organlari tomonidan mazkur tartibsizlik bartaraf etilib, huquqbuzarlikni keltirib chiqargan shaxslar qo‘lga olingan.
Ular bilan tegishli tartibda profilaktik suhbat o‘tkazilib, yolg‘on chaqiriqlarga ishonmasliklari, tartibsizliklarning har qanday ko‘rinishi mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat ekanligi tushuntirildi, ular o‘zlariga xulosa chiqarib oldilar.
Ta’kidlash lozimki, Bozorov ilgari ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatib, O‘zbekistonda noan’anaviy qarashlarga ega shaxslarga nisbatan go‘yoki bosim o‘tkazilayotganligiga xorijiy davlatlarning vakillari va xalqaro tashkilotlarning e’tiborini qaratishga urinib kelgan.
Buzg‘unchi tashqi kuchlar va g‘arazli niyatdagi turli xalqaro nohukumat tashkilotlar ko‘magi va qo‘llovi ostida harakat qilayotgan ushbu shaxs besoqolbozlik va shu kabi salbiy illatlarning O‘zbekiston qonunchiligida taqiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, uni ommaviy targ‘ib qilishga harakat qilgan va fuqarolarda norozilik va toqatsizlik kayfiyati shakllanishiga sababchi bo‘lgan.
Uning bu harakatlari ba’zi huquqiy bilimi sayoz hamda hissiyotga berilishga moyil fuqarolarimiz tomonidan qonunga zid harakatlar qilib, tartibsizlik sodir etilishiga olib keldi.
Bundan tashqari, huquqbuzarlardan bir nechtasi Bozorovni uyi oldida ushlab olib kaltaklashgan va tan jarohatlari yetkazishgan.
Hozirda yuzaga kelgan tartibsizlik yuzasidan hamda Bozorovga tan jarohati yetkazish holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shohruh G‘IYOSOV,
IIV axborot xizmati rahbari,
polkovnik