Fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan xususiy mulkni ijaraga bergan. Biroq bir yil davomida ijara pullarini ololmagan. Ijaraga oluvchini binodan chiqarib ham yubora olmagan.
Huquqlari buzilgan ko‘chmas mulk egasi sudga murojaat qilgan. Ushbu holat Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi.
Sudning ijro varaqasiga asosan qarzdor "S.H." mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi Sh.O. foydasiga qarzdorni binodan chiqarish, shuningdek, qarzdordan undiruvchi foydasiga ijara shartnomasi bo‘yicha 100 million 737 ming so‘m qarzdorlik va boshqa xarajatlarni undirish to‘g‘risidagi ijro ishi Majburiy ijro byurosining Yakkasaroy tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Qarzdorga qonun talabi asosida ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsa-da, qarzdor qonunga bo‘ysunmay, o‘z xohishi bilan binodan ko‘chmagan. Bundan tashqari, undiruvchi fuqaro foydasiga ijara shartnomasi bo‘yicha to‘lanmagan qarz summasini ham qoplab bermagan.
Shundan so‘ng MIB tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishildi. Jumladan, ijro hujjati yuzasidan tegishli tashkilotlar hamda undiruvchi fuqaro ishtirokida manzilga chiqilib, qarzdor jamiyatning 70 turdagi mol-mulki xatlandi.
Undiruvchi foydasiga 100 million so‘m miqdoridagi qarz summalarini undirish maqsadida xatlangan mulklar baholovchi tashkilotga topshirildi.
Mulklar sotuvga chiqarildi, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari qarzlarni qoplashga yo‘naltiriladi.
N.Abduraimova, O‘zA