Dono xalqimizda birovniki – birovga buyurmaydi, degan ajoyib naql bor. Firibgarlik, aldash va hokazo nopok yo‘llar bilan o‘zgalarning mol-mulkini, tovar-boyliklarini o‘zlashtirish maqsadida noqonuniy ish tutgan kishining so‘ngi manzili qamoqxona bo‘lishi shubhasiz.
Qonunni buzgan qon yig‘laydi, undan qochgan uzoqqa bora olmaydi, deganlaridek, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbiri davomida jinoiy ishlar bo‘yicha Do‘stlik tuman sudi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (Firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan ko‘p miqdordagi o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish) bilan ayblanib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan fuqaro qo‘lga olindi.
Joriy yilning 2 may kuni qidiruv e’lon qilingan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani, “So‘qolol” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan Boybo‘lmasjon Aldarjonovning (ismi-sharifi o‘zgartirildi) Toshkent shahridagi yashirin manzili borligi aniqlanib, amalga oshirilgan tezkor tadbir natijasida ushbu shaxs qo‘lga olindi.
Buzoqning qochar joyi samonxona, egrining borar joyi qamoqxona, deb bejizga aytishmagan ekan. Ayni paytda, fuqaro Boybo‘lmasjon Aldarjonov Sharof Rashidov tumani ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi.
A.QAYUMOV, O‘zA