English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar inson huquq va manfaatlariga xizmat qiladi
15:23 / 2021-03-25

Mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, shu jumladan inson haq-huquqlari va erkinliklarining kafolati sifatida mustaqil, adolatli va xolis sud-huquq tizimini shakllantirish borasida islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Sud hokimiyatining vazifasi – fuqarolarning huquq va erkinliklarini, uning qonuniy manfaatlarini hamda mamlakat konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, qonun chiqaruvchi va ijroiya hokimiyati hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini ta’minlash, qonunlarni va boshqa normativ hujjatlarni ijro qilish va qo‘llashda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iborat.

Xabaringiz bor, Cud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar Prezident tomonidan imzolandi. Bu Jinoyat, Jinoyat-protsessual, fuqarolik va boshqa kodekslarda o‘z aksini topdi.

Jumladan, qonunchilikdagi mavjud kodekslarga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xo‘sh, bu o‘zgarishlar nimalardan iborat?

Asosiy yangiliklardan biri bu viloyat darajasidagi sudlar tizimida tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshirilib, fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlar yagona umum yurisdiksiya sudlariga birlashtirilgani bo‘ldi.

«Yagona sud – yagona instansiya» tamoyilidan kelib chiqib, ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti tugatildi.

Apellyatsiya tartibidagi shikoyat (protest)larni berish hamda sud qarorlarining qonuniy kuchga kirish muddati 20 kundan 30 kunga uzaytirildi.

Birinchi instansiya sudining apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan qarorlari, shuningdek apellyatsiya instansiyasi sudining qarorlari Oliy sudda kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkinligi belgilandi. Ya’ni, endilikda ish kassatsiya tartibida ko‘rilishidan oldin apellyatsiya tartibida ko‘rilgan bo‘lishi lozimligi nazarda tutilmoqda. Buning natijasida sud hukmi ustidan dastlabki shikoyat (protest) berish muddati 6 oydan 1 oyga qisqardi.

Oliy sudda ko‘rilgan sudlov hay’ati kassatsiya qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda ish tomonlarning arizasiga asosan Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlari protestiga ko‘ra Oliy sudda takroran kassatsiya tartibida (5 nafar sudyadan iborat tarkibda) qayta ko‘rilishi mumkin bo‘ldi.

Prokuror boshqa shaxslarning arizalari bilan qo‘zg‘atilgan ishning muhokamasida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etish huquqidan mahrum qilindi. Ilgari prokurorga nisbatan bunday cheklov mavjud emas edi.

Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berish muddati ajrim topshirilgan kundan e’tiboran 20 kun etib belgilandi. Ilgari bu muddat 10 kun edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar bo‘yicha apellyatsiya va kassatsiya shikoyatini berish huquqi berildi. Ilgari bu huquq yo‘q edi.

Prokuror esa faqat taraflar murojaatiga asosan yoki prokuror ishtirokida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan apellyatsiya va kassatsiya protesti keltirishi mumkinligi belgilandi.

Apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan kassatsiya shikoyatini berish muddati ajrim chiqarilgan kundan boshlab 1 yil etib belgilandi. Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda bu muddat sud tomonidan yana uch oyga uzaytirilishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, bu o‘zgarishlar inson huquq va manfaatlarini himoya qilishga, jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

  

Navro‘z Rahmonov,

Oliy sud sudyasi