Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunchilikka davlat ijrochisi o‘z faoliyatida videokuzatuv vositalaridan foydalanishi mumkinligi kiritilmoqda
20:22 / 2025-04-21

Ijro hujjati shakllantirilganda sud tomonidan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) yoki yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami (STIR) kiritilmayotgani sababli ijro hujjatlarini elektron tarzda shakllantirish, ular bo‘yicha pul mablag‘larini avtomatlashtirilgan tarzda taqsimlash va undiruvchiga davlat ijrochisining aralashuvisiz o‘tkazish imkoni mavjud emas.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunda fuqarolarning qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad miqdori belgilanmagan.

Davlat ijrochilarida ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanish huquqining mavjud emasligi noxush holatlarga sabab bo‘lmoqda.

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga belgilangan ma’muriy jazolar sodir etilgan qilmishga nisbatan mutanosib emas.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida yuqoridagi holatlarni bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgani qayd etildi. 

Qonunda undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini va undiruvchi yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqamini ijro hujjatida ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda. 

Ijro ishini yuritish doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar ijro ishini yuritishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslarga ularning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali, shuningdek yuridik shaxslarga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilishi nazarda tutilmoqda. 

Qarzdor jismoniy shaxslarning banklardagi yoki boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida hamda omonatlarida turgan yoki saqlashga qo‘yilgan pul mablag‘lariga undiruv qaratilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari miqdorini aniqlashda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining yarmi miqdoridagi pul mablag‘lari hisobga olinishi va bu miqdorga undiruv qaratilmasligi qonunda qayd etilmoqda. 

Davlat ijrochisining ijro harakatlarini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanishini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan qonun majburiy ijro tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

N.Abduraimova, O‘zA