Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunchilikdagi yangi institutning afzalliklari
17:28 / 2025-11-04

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida sud-tergov faoliyati bilan bog‘liq qator dolzarb masalalar, xususan, jinoyat ishlarida aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv institutining qo‘llanilishi masalasiga bag‘ishlangan seminar-mashg‘uloti o‘tkazildi.

Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha hamda tergov sudyalari, ichki ishlar va prokuratura organlari vakillari, surishtiruv va dastlabki tergov xodimlari, shuningdek advokatlar ishtirok etishdi.

Seminar ishtirokchilarining diqqat-e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining “Sudlar tomonidan aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv institutining qo‘llanilishi bilan bog‘liq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratildi.

So‘zga chiqqanlar aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv instituti milliy jinoyat qonunchiligida amalga oshirilgan muhim islohotlardan biri ekanini ta’kidlashdi. Ushbu institut O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 18 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qonuni asosida joriy etilgan bo‘lib, u bilan Jinoyat-protsessual kodeksi 62-1-bob bilan to‘ldirildi. Ushbu institutning joriy etilishi jinoyat ishlarini tez va samarali hal etish, jabrlanuvchi hamda fuqaroviy da’vogarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yetkazilgan zararni qoplash, shuningdek aybiga iqror va pushaymon bo‘lgan shaxslarni qonunan rag‘batlantirish imkonini beradi.

Bunday yondashuv sud-huquq amaliyotida inson manfaatini ustuvor qo‘yish, “inson qadri — oliy qadriyat” tamoyilini hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, institutning amaldagi qo‘llanilishida ayrim muammolar ham mavjudligi ta’kidlandi.

Seminarda institutning amaliy faoliyatda yetarli darajada samara bermayotgani qayd etildi. Shu boisdan uning to‘g‘ri tatbiq etilishini ta’minlash, jinoyat ishlarini ko‘rishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi.

Kun tartibidagi asosiy masala yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyalari ma’ruza qilib, aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv institutining huquqiy va amaliy jihatlarini yoritdilar. Ular amalda uchrayotgan muammolar va ularning samarali yechimlarini muhokama etishdi.

Seminar so‘nggida ishtirokchilar o‘rtasida faol fikr almashuvi va savol-javoblar bo‘ldi. Amaliy misollar asosida o‘tgan muhokamalar institutni qo‘llashdagi mavjud masalalarni chuqur tahlil qilish, kelgusida uning to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqishga zamin yaratadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri