English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunchilik palatasi yarim yil davomida qanday faoliyat ko‘rsatdi?
12:46 / 2023-07-24

2023 yilning birinchi yarmida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, qonun ijodkorligi, parlament va deputatlar nazorati, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatdi.

Jumladan, deputatlar har oyda o‘z saylov okruglariga chiqib, aholi va saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni tizimli ravishda o‘rganish amaliyotini davom ettirdi. Uchrashuvlar davomida qabul qilinayotgan qonunlarning mohiyati va ahamiyati saylovchilarga tushuntirildi.  

Qonunchilik palatasida ko‘rilayotgan ayrim qonun loyihalari yuzasidan joylarda jamoatchilik muhokamalari ham tashkil etilib, aholining fikr-mulohaza va takliflari olindi. Jumladan, saylov okruglaridagi faoliyati davomida deputatlar tomonidan 30 tadan ziyod qonun loyihasining muhokamasi tashkil qilinib, aholining 400 ga yaqin taklif va fikrlari olindi, ulardan qonun loyihalarini takomiliga yetkazishda foydalanildi.  

Saylov okruglarida olib borilgan faoliyati davomida deputatlar tomonidan jami 3 ming 975 ta xonadonga tashrif buyurilib, 2 ming 230 ta uchrashuv o‘tkazildi. 1 ming 588 ta ijtimoiy soha ob’ektining faoliyati bilan tanishildi. Ochiq muloqotlar chog‘ida aholi tomonidan jami 4 mingdan ziyod masala ko‘tarilgan bo‘lsa, deputatlar amalga oshirgan chora-tadbirlar natijasida ulardan 1 ming 974 tasi (48,9 foizi) hal etildi. 

Joyida hal etilmagan, tuman va shahar darajasidagi 1 ming 491 ta (37 foiz) hamda viloyat darajasidagi 331 ta (8,2 foiz) masalani mahalliy ijro hokimiyati bilan birgalikda hal etish choralari belgilab olindi. Vaqt, moliyaviy mablag‘ talab etadigan, xususan, mamlakat darajasida aniqlangan 238 ta (5,9 foiz) masala esa nazoratga olindi. Mazkur masalalarni parlament nazoratining eng ta’sirchan shakllaridan unumli foydalangan holda yechish choralari ko‘rilmoqda. 

Saylovchilar ko‘targan masalalarni hal etish bo‘yicha 6 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi va parlament nazorati tadbirlari amalga oshirildi. 

Qonun ijodkorligi borasida Qonunchilik palatasi tomonidan jami 89 ta qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Shundan 48 tasi birinchi yarim yillikda kiritildi va 41 tasi esa avvalgi 2022 yildan o‘tgan qonun loyihalaridir.  

Qonunchilik palatasi tomonidan hisobot davrida jami 49 ta qonun qabul qilinib, ma’qullash uchun Senatga yuborildi. Shundan 10 tasi yangi qonun, 26 tasi yaxlit qonun, 7 tasi jamlanma (16 ta qonun loyihasini o‘z ichiga olgan), 6 tasi ratifikatsiya qilishga doir qonundir.  

Shuningdek, aholiga qo‘shimcha yengilliklar yaratishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan qator qonunlar ham qabul qilindi. Jumladan, «Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 332-1-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi Qonun bilan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan jarimaning 50 foizini o‘n besh kun ichida yoki 70 foizini o‘ttiz kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘lash tartibi joriy etildi.  

Mazkur tartib sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq qilinishi belgilandi.  

Parlament nazorati doirasida 2023 yilning birinchi 6 oyi davomida Qonunchilik palatasining qo‘mitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi. 

Aholi tomonidan qo‘yilayotgan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan mansabdor shaxslarga 8 ta parlament so‘rovi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga jami 52 ta deputat so‘rovi yuborildi.  

Hisobot davrida parlament quyi palatasi majlislarida hukumat a’zolarining, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan jami 13 marotaba axboroti eshitildi.  

 

M.Komilova,  

O‘zA