English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunchilik palatasi spikeri Rossiya elchisini qabul qildi
09:18 / 2025-12-25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxovni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan holda izchil rivojlanib borayotgani, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va samarali muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

O‘z navbatida, A.Yerxov Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarni yuqori baholadi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqot munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratayotganini aytib o‘tdi.  

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etgani O‘zbekistonning mintaqadagi geosiyosiy roli va ko‘p tomonlama hamkorlikka bo‘lgan ustuvor yo‘nalishini yanada mustahkamlashini qayd etdi. O‘zbekiston yetakchisining Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti bilan taqdirlanishi Markaziy Osiyoni tinchlik, farovonlik hamda bunyodkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarining e’tirofi bo‘lganini ta’kidladi.  

Muloqotda ikki davlat parlamentlari hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va uni yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasining Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasining uchinchi yig‘ilishini o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.

M.Komilova,

O‘zA