Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunchilik palatasi Spikeri Pokiston Islom Respublikasi Senati raisi bilan uchrashdi
13:05 / 2021-06-02

Islomobod shahrida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Pokiston Islom Respublikasi Senati raisi Sodiq Sanjrani bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston yuqori hamda quyi palatalari o‘rtasida tuzilgan do‘stlik guruhi a’zolari ham ishtirok etishdi.

Muloqot avvalida S.Sanjrani so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy, demokratik yangilanishlar va parlamentarizmni rivojlantirish sohalaridagi islohotlarni, shuningdek, xalqaro miqyosdagi tashabbuslarni yuqori baholadi. Shu o‘rinda Pokiston Senati raisi davlatimiz rahbarining odilona ichki va tashqi siyosati, mamlakatda amalga oshirilayotgan jadal o‘zgarishlar so‘zsiz aholi farovonligiga, ularning yashash darajasini yuqori pog‘onaga olib chiqishga qaratilganligini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, joriy yilning 14 aprel kuni O‘zbekiston va Pokiston davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan videoanjuman shaklidagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni yuqori baholab, mamlakat parlamenti tomonidan to‘laligicha qo‘llab-quvvatlanganligini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov ham so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari nafaqat ikki tomonlama, balki xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham izchil rivojlanib borayotganini e’tirof etib, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ya’ni siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari, qo‘mitalar, deputatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, tajriba almashishga kelishib olindi.

Muloqotda tomonlar parlamentlararo hamkorlikning yangi formatlari ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida kelishilgan siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy, turistik va madaniy sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirishdi.

O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining rasmiy tashrifi davom etmoqda.

 

O‘zA