Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va bir guruh deputatlar Termiz shahridagi Bog‘zor mahallasida bo‘lib, mahalla faollari bilan uchrashdi. Uchrashuvda davlatimiz tomonidan fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga o‘z faoliyatlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligi e’tirof etildi.
Mahallalarda joriy etilgan yangi «beshlik» faoliyati o‘zining samaradorligini ko‘rsatayotgani, mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolar manfaatlaridan, shuningdek, milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda hal etish imkoniyatini yaratmoqda.
Bog‘zor mahallasining yoshlar yetakchisi Laylo Mengto‘rayevaning ta’kidlashicha, mahallalarda yoshlar yetakchisi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi yoshlarni jamiyat, davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirmoqda.
"Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida sportning “Workaut” turi bo‘yicha respublika bosqichida Bog‘zor mahallasining yoshlar jamoasi faxrli 2-o‘rinni egallab, 28 million so‘m pul mukofoti va “Workaut” maydonchasi sertifikatini qo‘lga kiritganini iftixor bilan aytib berdi. Laylo Mengto‘rayevaning fikricha, Konstitutsiyada yoshlarga oid masalalarning alohida aks etishi hamda yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik huquqlari himoya qilinishi davlat tomonidan ta’minlanayotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Bu qoida Surxondaryo viloyati yoshlari tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Muloqotda Bog‘zor mahallasining xotin-qizlar faoli Nazokat Shodiqulova xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yosh qizlarimizning ta’lim olishiga katta imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, yaqinda Qonunchilik palatasi tomonidan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunning qabul qilinishi, unda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik o‘rnatilayotgani oilalarda ma’naviy-ahloqiy muhitning yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.
Mahalla faollari Konstitutsiyaga kiritilayotgan barcha yangiliklar, birinchi navbatda, inson manfaatiga xizmat qilishini e’tirof etdi. Shu bois yaqinda bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishlarini ma’lum qildilar.
O‘zA