Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qaror loyihasi bilan Qonunchilik palatasining qo‘mitalariga o‘z tashabbusiga ko‘ra joylarda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi va ulardan samarali foydalanilishi masalalarini o‘rganish vakolatini berish ko‘zda tutilmoqda.
Deputatlar mazkur o‘zgartish jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish va byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishining oldini olishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.
Shuningdek, deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, yo‘llarda turli qoidabuzarliklar, insonlar o‘limi bilan bog‘liq mudhish holatlar ortib borishiga haydovchilarni tayyorlash tizimidagi ayrim kamchiliklar, haydovchilarning malakasizligi ham sabab bo‘lmoqda. Falokatlarning oldini olish uchun haydovchilarni tayyorlash tizimi va sub’ektlarining faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurati paydo bo‘lgan.
Shundan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan «Davlat boji to‘g‘risida» hamda «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasidagi nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya berish vakolatini Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Fraksiya a’zolari ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarning ahamiyati, zarurati hamda samaradorligi masalalarida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qulladilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA