Adliya vazirligi tomonidan AQSH Xalqaro hamkorlik agentligi (USAID) bilan hamkorlikda qonun hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Unda vazirlik va idoralar xodimlari, xalqaro ekspertlar, jumladan, Buyuk Britaniyaning London universiteti Ilg‘or fanlar huquqiy tadqiqotlar institutining (IALS) fan doktori, dotsent Mariya Mousmouti ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida qonunchilik hujjatlarini fakt va dalillarga asoslangan holda ishlab chiqish havida so‘z bordi. Xususan, tartibga solish ta’sirini baholash (TSTB), bu jarayonga qonunchilik hujjati bevosita ta’sir ko‘rsatadigan aholi va tadbirkorlik vakillarini jalb qilish bo‘yicha xorijiy tajriba amaliy misollar yordamida ko‘rsatib berildi.
TSTB – avvalambor, biror bir qonunchilik hujjati loyihasini yozishda yuzaga kelgan muammoni aniqlash, uni hal etishi mumkin bo‘lgan yechimlarni tahlil qilish, oqibatlarni prognoz qilish va buning natijasida aholi va davlat uchun asossiz xarajat hamda byurokratik to‘siqlarning oldini olish imkonini beradi.

Tadbir davomida tinglovchilar qonunchilik loyihalarini tayyorlashda sifat jihatidan yondashish, jamoatchilik bilan ishlash hamda ta’sirni baholash amaliyoti bo‘yicha muhim ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lmoqda.
Norma ijodkorligi jarayonlarida 2021 yildan boshlab tartibga solish ta’sirini baholash (keyingi o‘rinlarda – TSTB) instituti joriy etilgan bo‘lib, shundan buyon qonunchilik hujjatlari loyihalari, amaldagi qonunchilik hujjatlarini ta’siri baholab kelinmoqda.
Dastlab faqat tadbirkorlarga ta’sir ko‘rsatadigan hujjatlarning ta’siri baholangan bo‘lsa, 2023 yildan boshlab bunga qo‘shimcha fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi hujjatlar TSTBdan o‘tkazib kelinmoqda.
Natijada 2022-2023 yillar davomida qonunchilik hujjatlari loyihalaridan aholi va tadbirkorlarga 8,5 trillion so‘mdan ortiq asossiz xarajat yuklashi mumkin bo‘lgan normalar chiqarib tashlandi.
Vazirlik tomonidan shu singari kengaytirilgan formatdagi trening, o‘quv kurslarini kelgusida ham xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘tkazish rejalashtirilgan.
N. Abduraimova, O‘zA