Qonunchilik hujjatlarini bajarmaslikka yoki buzishga omma oldida da’vat qilganlik uchun javobgarlik belgilandi
Prezident tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari, internetdan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida da’vat qilish BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha (14 mln 700 ming so‘mdan 19 mln 600 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi, deyiladi “Huquqiy targ‘ibot” axborot kanali xabarida.