Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonunbuzarliklarga choralar ko‘rilmoqda
15:38 / 2025-08-19

Qaror va ijro

Prezidentimizning 2019 yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, jismoniy va yuridik shaxslarga kosmik monitoring, sun’iy yo‘ldosh hamda uchuvchisiz uchish apparatlari orqali yerni masofadan zondlash ma’lumotlari taqdim etilmoqda. 

Xususan, “O‘zbekkosmos” agentligi davlat kosmik monitoringi doirasida “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi” MCHJ va Kadastr agentligi o‘rtasida texnik topshiriqlarga asosan Respublikamizning barcha hududlarida “Davlat yer nazorati sohasida” o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirilgan hududlar to‘g‘risidagi koordinatal ma’lumotlar elektron ko‘rinishda shakllantirilmoqda. 

Jumladan, 2025 yil holatiga jami 2 ming 64 ta holat elektron tarzda taqdim etilgan bo‘lib, bugungi kunda nazorat tadbirlari davom etmoqda. Shundan eng ko‘p huquqbuzarlik holatlari Toshkent viloyatining poytaxtga yaqin hududlarida, ya’ni Yangiyo‘l, Zangiota, Toshkent, Qibray, Bo‘stonliq tumanlarida aniqlangan. 

– Davlat yer va kadastri nazoratini tashkil etish, o‘tkazish, huquqbuzarliklarni aniqlash, hujjatlar to‘plamini shakllantirish, qayta ishlash, umumlashtirish, saqlash va tahlil qilish “E-YER NAZORAT” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan taqdim etilgan elektron ma’lumotlardan foydalanib, xodimlar har bir ob’ektning hozirgi holatiga qonuniy baho beradi, – deydi Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Rustam Payziyev. 

Mutaxassislar tomonidan Zangiota tumani Nazarbek hududidagi 71 ball bonitetli jami 9,41 gektar sug‘oriladigan yer maydoni talon-taroj qilinganligi aniqlandi. Shu bo‘yicha prokuratura organlariga Qo‘shma tartib asosida to‘plangan materiallar yuborilib, bugungi kunda tergov ishlari olib borilmoqda. 

Shuningdek, yerlardan maqsadsiz foydalanish bo‘yicha jami 431 ta holatda 1 ming 570 gektar yer aniqlangan. Bu bo‘yicha hokimliklarga taqdimnomalar kiritilib, shundan 418 ta holatda 1 543 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlangan. Shu kunlarda Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga egalik huquqini e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamli xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. 

Hozirgacha viloyatda jami 62 ming 246 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazilgan, 24 ming 212 ta ob’ekt “E’tirof” tizimiga kiritilgan, shundan 139 ta ob’ektga mulk huquqi e’tirof etilgan. 

A.Musayev, O‘zA.