Mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorda adolatli raqobatni ta’minlash va texnik me’yorlarga rioya etilishini nazorat qilish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, neft mahsulotlarini sotish sohasida texnik talablarga amal qilish nafaqat iqtisodiy manfaat, balki jamoat xavfsizligi nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda “O‘zenergoinspeksiya”ning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Zomin tumanida joylashgan “L. B.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchasida (AYOQSH) tekshiruv o‘tkazildi.
Unda ma’lum bo‘lishicha, ushbu AYOQSHda yonilg‘i tarqatish ustunlari belgilangan muddatda davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmagan. Shunga qaramasdan, ular orqali iste’molchilarga neft mahsulotlari sotilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 940-sonli qonuniga asosan mazkur qonunbuzarlik uchun AYOQSHga nisbatan 71,4 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.
Inspeksiya axborot xizmatiga ko‘ra, bunday choralar fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, bozorda shaffof va qonuniy faoliyat yuritish tizimini mustahkamlashga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA