Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun ustuvorligini ta’minlash dolzarb vazifa
14:55 / 2025-12-04

9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni

“O‘zmetkombinat” AJda jamoatchilik bilan ochiq muloqotni kengaytirish, korxona faoliyatida oshkoralik va hisobdorlik tamoyillarini yanada mustahkamlash maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. 

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni jamoatchilikka keng tushuntirish, korxona tarkibiy bo‘linmalarida qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan mexanizmlar bilan tanishtirish hamda huquqiy madaniyatni oshirishdan iboratdir. 

Tadbirda kombinat rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, huquq-tartibot organlari mas’ullari, sud va prokuratura tizimi vakillari qatnashdi. Unda tashkilotning Boshqaruv raisi Bosh direktorining maslahatchisi Mansur Jumaniyozov kombinatda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi. 

Qayd etilganidek, hozir tashkilot faoliyatining fuqarolar va jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlash maqsadida 30 dan ortiq turdagi ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar kombinat rasmiy veb-saytiga doimiy ravishda joylashtirilmoqda. Ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan “Ochiqlik indeksi” natijalariga ko‘ra, kombinatning 2024 yildagi faoliyat natijalari “yaxshi” deb baholanib, 82,7 ballni qo‘lga kiritdi. 

Xususan, korrupsiyaga qarshi preventiv choralarni ko‘rib borishda xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlarda ishlayotgan jami 55 nafar xodimlar pora olishga qarshi menejment tizimi ISO 37001 xalqaro standarti asosida o‘qitilib, sertifikat berildi. Bundan tashqari, kombinatda pora olishga qarshi menejment tizimi joriy etilib, 2024 yilda ISO 37001:2016 xalqaro sertifikati qo‘lga kiritildi. 

– Agentlik tomonidan kombinatning korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi elektron platforma orqali reyting baholashdan o‘tkazilib, 70 ballni qo‘lga kiritgan holda “qoniqarli” deb baholandi. Kelgusida oldimizga qo‘yilgan strategik maqsadlardan kelib chiqib reyting baholashdagi ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashni maqsad qilganmiz, – dedi “O‘zmetkombinat” AJ Boshqaruv raisi – Bosh direktorining maslahatchisi M. Jumaniyozov. 

Tadbir davomida hududiy Adliya bo‘limi mutaxassislari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning amaliyotda qo‘llanilishi hamda korxonalar faoliyatiga tatbiq etilish mexanizmlari atroflicha tushuntirildi. 

Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha mas’ul mutaxassislar tomonidan jamiyatda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish, ekstremizm va radikal g‘oyalarning oldini olishda ma’rifiy yondashuvning ahamiyati yuzasidan ma’ruzalar qilindi. 

A.Musayev, O‘zA.