Davlatimiz rahbarining parlament va xalqimizga Murojaatnomasida korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid, korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonat ekanligi ta’kidlandi.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi Nazokat Boyzoqova sud tizimida bu illatga qarshi kurashish zarurati haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh etish va davlat boshqaruvini xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi ochiq hamda samarali tizimga aylantirish ustuvor vazifaga aylangan.
Bu jarayonda sudning rolini yanada oshirish, sohada korrupsiyaga qarshi kurashish, bu illatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida esa ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga e’tibor kuchaytirildi.
Sud interaktiv xizmatlari yo‘lga qo‘yilib, ulardan shaxsiy aloqa vositalari orqali va sud binolarida mustaqil foydalanish imkoniyati yaratildi. Sudlarda elektron navbat tizimi ishga tushirildi.
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga 20 ga yaqin turdagi interaktiv xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. «Adolat» axborot tizimlari kompleksi ishga tushirilib, sud ishlarini ko‘rish tartibi 90 foizgacha avtomatlashtirildi.
Ayni paytda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Raqamli sud” konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. Bunda, sudga ariza berishdan oldin fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlarning hisobini chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Murojaatlar sudga faqatgina elektron shaklda yuboriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmasdan sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi.
Bularning barchasi sudlarda haqqoniy, adolatli qaror chiqarilishiga yo‘l ochadi. Korrupsiyaviy omillar keskin bartaraf etiladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, jamiyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishi uchun fuqarolar ham mas’uldir. Ular qonuniy huquqlarini bilishi va talab qilishi, korrupsiyaviy omillar uchraganda ularni bartaraf etish uchun kurashishi maqsadga muvofiq.
Zero, bu illatning har qanday sohada ro‘y berishi, o‘sha sohaning faoliyati va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shunday ekan, har birimiz jamiyatdagi islohotlarni amalda ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shishimiz zarur. Bu yurtimiz kelajagi uchun, farzandlarimiz farovon yashashi uchun xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA